Qozogʻistonda endi davlat xizmatchilari qamoqxonalarga ekskursiya uchun olib boriladi

Saqlash
17:31 / 07.03.2024 2565 0

Korrupsiyaga qarshi kurash xizmati xodimlari davlat xizmatchilarini tergov izolyatorlari boʻylab ekskursiyaga olib chiqmoqda, deb yozadi Orda.kz.

 

Antikor rasmiy vakili Arman Tleukenov mazkur amaliyotni korrupsiyaning oldini olishning yangi usuli deb izohlagan. Uning fikricha, bu xodimlarda toʻgʻri qadriyatlar va korrupsiyaga qarshi kurashish ongini rivojlantirishga xizmat qiladi.

 

“Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati xodimlari tomonidan profilaktika maqsadida davlat xizmatchilari uchun tergov hibsxonalariga muntazam ravishda ekskursiyalar tashkil etilmoqda. Profilaktik ekskursiya ishtirokchilariga tergov xonalari, jinoyatchilar uchun kameralar, mahkumlar yurish joylari koʻrsatiladi”, — deydi Arman Tleukenov.

 

Shuningdek, uning qoʻshimcha qilishicha, tergov izolyatorlariga ekskursiya qilish orqali davlat xizmatchilari va kvazi-davlat(oʻzini oʻzi boshqaradigan davlatga boʻysunuvchi tashkilot) kompaniyalari xodimlari “qamoqxonalarda boʻlish ogʻirligini his qilishi” hamda korrupsiya va boshqa jinoiy huquqbuzarlik oqibatlari haqida batafsil maʼlumot oladi.

 

“Bundan tashqari, profilaktika ishlari doirasida mehnat jamoalarini sud majlislarida ishtirok etishga taklif qilamiz. Biroq bu usul bilan biz hukumat amaldorlarini qoʻrqitishni maqsad qilmaganmiz”, — deydi rasmiy.

 

Maʼlumot uchun, pora berish kabi jinoyat uchun Qozogʻiston Respublikasi Jinoyat kodeksida yirik miqdordagi jarimadan tashqari, shaxsning mol-mulki ham musodara qilinishi va 15 yil muddatgacha qamalishi belgilangan. Bundan tashqari, pora olish bilan ayblangan shaxslar muayyan faoliyat yuritish huquqidan, harbiy unvon hamda davlat mukofotlaridan ham umrbod mahrum qilinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//