Jamiyat
Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan “Xalqlar doʻstligi” maydonida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan "Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon" shiori ostida tantanali bayram tadbiri oʻtkazildi.
Olimlar, shoir va yozuvchilar, sanʼat va madaniyat namoyandalari ishtirokidagi tantanali tadbir avvalida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov soʻzga chiqdi:
— Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasini qabul qilish toʻgʻrisidagi Qonun qabul qilingan kunni yoshi ulugʻlar hayajon bilan eslaydi. Bu insoniyat olamida buyuk tarix, buyuk madaniyat yaratgan xalq va millatning joni ruhiga tutash orzu-umidlar, orzu maqsadlari mujassamidir. Madhiya millatning milliy gʻoyasi kabidir. Yuksak orzu-maqsadlari ifoda etilgan qalb qoʻshigʻi, yuksalish alyoridir. Bu iftixor, bu ruh, azmi shijoat ifodasidir. Bunda mardlik mujassam.
Keling, aziz yoshlar! Oʻzimizga bir savol berib koʻraylik. Nima uchun davlat rahbarimiz ishtirok etgan oliy darajali uchrashuvlarda, yurtimiz vakillari qatnashadigan siyosiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlarda davlatimiz bayrogʻi baland koʻtarilib, madhiyamiz yangraganda, qalblarimiz jumbushga keladi? Nima uchun vatanimiz sportchilari yurtimiz bayrogʻini yuksaklarga koʻtarib, madhiyamiz baralla yangraganda, koʻzimizda yosh bilan ularni bagʻrimizga bosgimiz keladi. Nega deganda, mazkur qoʻshiq bu yorugʻ dunyoda Oʻzbekiston degan qutlugʻ diyor borligini ifoda etadi, – dedi u.
Tadbir doirasida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorlikda oʻtkazgan “Mening farzandim – Oʻzbekiston faxri” aksiyasi doirasida har bir hududdan aniqlangan 5 nafardan eng faol, intiluvchan gʻolib yoshlar hamda ota-onalari qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan o'tkazilgan “Vatanim madhiyasini kuylayman” eng yaxshi videolavhalar tanlovi gʻoliblariga ham mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaning harbiy orkestrlari, professional xor jamoalari, estrada xonandalari ijrosidagi Vatanni tarannum etuvchi goʻzal kuy-qoʻshiqlar, taniqli shoir tilidan yangragan sheʼrlar bayram shukuhiga yanada koʻtarinkilik baxsh etdi.
Mamlakatimizning barcha hududlarida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining boʻlim va boʻlinmalari ishtirokida Oʻzbekiston Davlat madhiyasi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy kechalar oʻtkazilmoqda.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q