“Tarixiy xotira beqiyos”. O‘zbekistonda SSSR davrida qatagʻonga uchragan prokuratura xodimlarining xotirasini abadiylashtirish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda

Saqlash
23:31 / 22.01.2024 2583 0

1917–1940-yillari O‘zbekiston prokuratura xodimlaridan 150 nafari qatagʻon qilingan, ularning 30 nafari otib tashlangan.

 

Oʻzbekiston prokuraturasi tarixi muzeyida “Tarixiy xotira beqiyos” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tadbirda SSSR davrida qatagʻonga uchragan prokuratura tizimi xodimlarining xotirasini abadiylashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida soʻz yuritildi.

 

 

Anjumanda taʼkidlanganidek, davlat rahbari 2023-yil 31-avgustda “Shahidlar xotirasi” xiyobonida qatagʻon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, ularning pok nomini tiklash va tarixiy haqiqatni yuzaga chiqarish boʻyicha konseptual topshiriqlar bergan edi. Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida chiqarilgan Bosh prokuror farmoyishga asosan 300 dan ortiq mutaxassislarni jamlagan ishchi guruh mehnati natijasida “Tarixiy xotira beqiyos” kitobi yaratildi.

 

 

Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi bilan hamkorlikda Rossiya va Oʻzbekiston arxivlaridagi 2 mingdan ortiq tarixiy hujjatlar oʻrganilgan. Faqatgina 1917–1940-yillari 150 nafar prokuratura xodimi qatagʻon qilingan, shulardan 30 nafari otib tashlangan. “Tarixiy xotira beqiyos” kitobining 1-jildida 40 nafar qatogʻon qurboni taqdiri hikoya qilinadi. Ularning 10 nafari davlat va siyosat arbobi darajasiga yetgandi.

 

 

Misol uchun, Abdurahim Yusufzoda 1920–1924-yillar Buxoro Xalq Sovet Respublikasi adliya xalq noziri va respublika prokurori boʻlib ishlagan. Uning tashabbusi bilan Buxoro shahrida 3 ta sud binosi barpo etilgan va hibsxonalar tarixiy-meʼmoriy obidalardan chiqarilib, muzeylarga aylantirilgan.

 

 

Abdurahim Yusufzoda 1924-yili “Buxarskaya jizn” jurnali va “Buxoro-Rus kinojamiyati”, Buxoro–Xiva–Toshkent–Olmaota yoʻnalishlarida havo qatnovi hamda pochtani yoʻlga qoʻygan, “Yunkers” firmasidan 6 ta samolyot xarid qilinishiga erishgan.

 

Yana bir prokuror Mirzo Qoʻqonboy Abduxoliqzoda arab, fors, rus va turk tillarini bilgan, 1916-yili Jizzax qoʻzgʻoloni qatnashchilari ustidan sud jarayonida 30 dan ortiq kishini oʻlimdan saqlab qolgan. Uning uyida jadidchilar Vadud Mahmud, Choʻlpon, Munavvarqori Abdurashidxonov kabi maʼrifatparvarlar uchrashib turgan.

 

Mirzo Qoʻqonboy “Jizzax qoʻzgʻoloni”, “Namoz shaykasi”, “Togʻ qizi”, “Istadjon”, “Qamchindan qon tomadi” kabi tarixiy qissalar yozgan hamda rus tilidan biologiya, antropologiya, zoologiya, botanika darsliklarini tarjima qilgan.

 

 

Ekspeditsiya davomida Oʻzbekiston SSRning birinchi prokuraturasi binosi Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon shahrida joylashgani aniqlandi. 120 yil oldin qurilgan ushbu tarixiy imorat hozirda qarovsiz holda boʻlib, prokuratura aralashuvi bilan madaniy meros obyekti roʻyxatiga olindi va rekonstruksiya ishlari boshlandi.

 

Qatagʻonga uchragan 10 nafar xodimning yashagan manzillari aniqlanib, koʻcha, mahalla va maktablarga ularning nomlarini berish hamda yodgorlik oʻrnatish ishlari olib borilmoqda. Oʻzbekiston prokuraturasi tarixi muzeyida qatagʻon qurbonlariga bagʻishlangan alohida burchak tashkil qilingan.

 

Bundan tashqari, yana 100 ga yaqin qatagʻon qilingan qozilar, sudyalar, ichki ishlar organlari xodimlari, huquqshunoslar, adliya nozirlari haqida ham maʼlumotlar shakllantirildi. Yangi maʼlumotlarni oʻrganish uchun ilmiy xodimlar Rossiya, Qozogʻiston va Turkiya davlatlariga yuborilishi rejalashtirilgan.

 

“Tarixiy xotira beqiyos” kitobi bilan tanishish jarayonida gʻalati holatni tuydim: kishida bir tomondan kuchli hasrat, bir tomondan milliy gʻurur paydo boʻladi. Kitobdagi qahramonlar suratiga boqib, viqor, iroda, qatʼiyatni koʻrasiz. Biz uchun saboq boʻladigan jihati shuki, ular oldinda oʻzlarini qanday qismat kutib turganini bilgani holda kurash yoʻlida davom etgan, ortga qaytmagan”, degan respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo.

 

 

Ushbu kuchli shaxsiyat egalari xotirasini abadiylashtirish orqali katta insoniy burch bajarilmoqda. Vatanparvarlikka, millatparvarlikka yoʻgʻrilgan o‘zbek merosining yangi sahifalari ochilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//