Qarshidagi xaroba binoda odamlar yashayotgani yuzasidan munosabat bildirildi

Saqlash
15:04 / 09.12.2021 923 0

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida joylashgan xaroba holdagi yotoqxonada odamlar yashayotgani  haqidagi xabarlar yuzasidan viloyat hokimligi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

 

Qayd etilishicha, Qarshi shahri, Shodlik mahallasida joylashgan 2-sonli yotoqxona binosi 2019-yil tadbirkor Anvar Jovliyev tomonidan sotib olingan. Binoda 120 ta xona boʻlib, shundan 102 tasi yashashga moʻljallangan. Oʻrganishlar jarayonida bu yerdagi 64 ta xonaga turli hududlardan kelgan fuqarolar oʻzboshimchalik bilan noqonuniy joylashib olishgani aniqlangan. Tadbirkor bir necha bor ogohlantirishiga qaramasdan ular xonalardan chiqib ketishmagani sabab, A.Jovliyev insoniylik yuzasidan ularning yashashiga ruxsat berishga majbur boʻlgan.

 

 

“Qarshi shahridagi "yotoqxona” deb aytilayotgan bino bugungi kunda haqiqatdan ham taʼmirtalab ahvolda boʻlib, tadbirkorga qarashli boʻlganligi sababli davlat tomonidan bu yerda taʼmirlash ishlarini olib borish qonunga zid.

 

Bugunning oʻzida mazkur yotoqxona va uning atrofida tozalash va obodonlashtirish ishlari olib borilib, tartibga keltirildi. Ammo, bu bilan masala oxiriga yetib qolmaydi. Yaʼni, koʻpchilik fuqarolarning oʻz yashash hududlarida ularning nomida uy-joylari mavjud. Shunday ekan, tez kunlarda kim uy-joyga muhtoj, kimning uy-joyi borligi oʻrganilib, har biri boʻyicha oxirgi xulosalar beriladi.

 

Shunga qarab binoda yashab kelayotgan uy-joyi boʻlmagan fuqarolarni kelgusida turar joylar bilan taʼminlash choralari koʻriladi. Tumanlardan kelib binoga joylashib olgan fuqarolar avvalgi yashash manzillariga qaytariladi. Barcha fuqarolar muammosi tegishli tartibda hal etilganidan soʻng bino tadbirkorga boʻshatib beriladi", deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//