JSST tezroq vaksina olishni tavsiya qilmoqda

Saqlash
21:08 / 07.12.2021 1027 0

Dunyo boʻylab keng tarqalayotgan koronavirusning yangi «omikron» shtammi yana uch mamlakat hududida roʻyxatga olindi.

 

Xususan, Tailandda ilk kasallanish holati Ispaniyadan uchib kelgan AQSH fuqarosida aniqlangan boʻlsa, Xorvatiyada bir yoʻla ikki kishida yangi shtamm qayd etildi.

 

Rossiyada ham Janubiy Afrika Respublikasidan qaytgan ikki fuqaro musbat natija bilan gumon ostiga olingani haqida xabar bergandik. Tekshiruvlardan soʻng ularning har ikkisi ham «omikron»ni yuqtirgani maʼlum boʻldi. Buni Rossiyaning tegishli idoralari rasman tasdiqladi.

 

Afrika sogʻliqni saqlash ilmiy-tadqiqot instituti professori Villem Xanekomning taʼkidlashicha, mintaqada yangi mutatsiya variantini yuqtirish holatlari koronavirusning avvalgi toʻlqiniga nisbatan bir muncha shiddatliroqdir.

 

Olimning xulosasiga koʻra, «omikron» asosan yoshlar, ayniqsa emlanmagan yigit-qizlar orasida koʻproq kuzatilmoqda. Ammo boshqa yosh toifasidagilar ham bu kasallikka qarshi barcha ehtiyot choralarini koʻrishlari zarur.

 

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti yangi shtamm keng tarqalishining oldini olish uchun odamlarga tezroq vaksina olishni tavsiya qilayotir. Chunki hozirgacha 100 dan ortiq mamlakatlarda aholini emlash koʻrsatkichlari 40 foizga ham yetmaydi.

 

Tashkilot rahbari Tedros Gebreyesusning maʼlum qilishicha, dunyodagi emlanmagan qatlamning katta qismi Afrika qitʼasida yashovchi odamlardir. Chunki ushbu mintaqa mamlakatlari yetarlicha vaksina zaxiralariga ega emas.

 

Shuningdek, T. Gebreyesus shu kungacha jahondagi mavjud vaksinalarning 80 foizdan ortigʻi “Katta yigirmatalik” (G20) davlatlari oʻrtasida taqsimlanganini maʼlum qildi.

 

Anchayin qashshoq hisoblangan Afrika mamlakatlari esa jami ishlab chiqarilgan vaksinalarning atigi 0,6 foizinigina olgan, xolos.

 

“Bunday holat qanchalik uzoq davom etsa, koronavirusning tarqalish va mutatsiyaga uchrash imkoniyatlari shunchalik kengayib boraveradi” — deydi JSST rahbari.

 

Bunday ogohlik qoʻngʻirogʻi qator davlatlarda vaksinatsiya jarayonlarini yanada jadallashtirib yubordi. Jumladan, Italiyada ayni paytda jamoat transportidan SOVID-19ga qarshi emlanganlikni tasdiqlovchi sertifikati yoʻq fuqarolar foydalanishi holati aniqlansa, ular katta miqdorda jarimaga tortilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//