Qirgʻizistonda davlat bayrogʻini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi qabul qilindi

Saqlash
15:01 / 21.12.2023 1159 0

Qirgʻiziston Jogorku Keneshi (parlamenti) davlat bayrogʻini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi qonunni ikkinchi va uchinchi oʻqishda koʻrib chiqib, muhokamalarsiz qabul qildi. Bu haqda parlament matbuot xizmatiga tayanib, “Gazeta.uz” yozdi.

 

Endi qonunni prezident imzolashi kerak boʻladi.

 

“Qonun loyihasi asosiy davlat ramzlaridan biri — Qirgʻiziston Respublikasi bayrogʻini takomillashtirishga qaratilgan. Qirgʻiziston Respublikasi bayrogʻidagi nurlar shaklini toʻlqinsimondan quyosh nurlariga oʻxshash shaklga oʻzgartirish taklif qilinmoqda”, — deyiladi xabarda.

 

Hujjatni qabul qilishni yoqlab, 59 deputat ovoz bergan, besh nafari esa qarshilik bildirgan.

 

Qirgʻizistonning hozirgi bayrogʻi qizil rangda boʻlib, uning markazida oltin rangdagi qirqta nurdan iborat quyosh joylashgan. Bu qirq nur qadimgi qabilalarning yagona davlatga birlashishini anglatadi. Quyoshning ichida tunduk (oʻtov gumbazi markaziy qismi) tasvirlangan. Hozir bayroqda quyosh nurlari toʻlqinsimon va tunduk uchta tayoqdan iborat.

 

Qonun loyihasini oktyabr oyida parlament spikeri Nurlanbek Shakiyev va deputat Ulan Primov taqdim etgan edi. Ular bayroqni oʻzgartirish zarurligini taʼkidlab, hozirgi tasvir koʻpincha “kungaboqar yoki oʻtov” bilan adashtirilishini aytgan. Shuningdek, ular bayroqda toʻrtta tunduk tayoqchasini tasvirlashni taklif qilgan. Deputatlarning soʻzlariga koʻra, tundukdagi toʻrtta tayoq boy qirgʻizlarning oʻtovlarida, uchtasi esa kambagʻallarinikida boʻlgan.

 

Deputatlarning tashabbusini mamlakat prezidenti Sadir Japarov ham qoʻllab-quvvatlagan. “Hozirga qadar jamiyatda bayrogʻimiz kungaboqarga oʻxshab ketishi va buning fonida mamlakat tizzasida tura olmasligi boʻyicha fikr bor edi… Tuzatilgan versiya haqiqatan ham quyosh nurlariga oʻxshaydi. Xudo xohlasa, bu variant qabul qilinsa, bundan keyin qaram boʻlmaymiz”, — dedi u.

 

Oʻtgan hafta Japarov bayroqni oʻzgartirish oʻzining shaxsiy tashabbusi ekanini tan olib, deputatlardan qonun loyihasini ishlab chiqishni soʻragandi.

 

“Koʻpchilik xarajatlar koʻp boʻladi, pasportni, raqamlarni oʻzgartirish kerak, demoqda. Hech narsani oʻzgartirish shart emas. Bayroqlarni faqat elchixonalar va diplomatik vakolatxonalarda, shuningdek, vazirlik va idoralarda oʻzgartiramiz. Bu koʻp pul talab qilmaydi. Men agar bu oʻzgarish xarajatlarni talab etsa, shaxsiy hisobimdan pul ajratishimni aytdim”, — dedi Qirgʻiziston rahbari.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//