Chinoz hokimi gazetaga majburiy obuna tashkil etmoqchi boʻldi

Saqlash
11:12 / 03.12.2021 1053 0

Toshkent viloyatining Chinoz tumani hokimi Botir Alimbekov 12-noyabr kuni tumanda 2022-yil uchun “Chinoz hayoti” ijtimoiy-siyosiy gazetasi obunasini tashkil etish toʻgʻrisida farmoyish imzolagan.

 

Unda Chinoz tumanida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, hududda aholi, ayniqsa, rahbar va xodimlarning iqtisodiy, siyosiy va sogʻlom mafkuraviy axborotga boʻlgan talabini qondirish maqsadida “Chinoz hayoti” gazetasiga obunani uyushqoqlik bilan uyushtirish koʻzda tutilgan.

 

Obunani uyushtirish uchun hokimning birinchi oʻrinbosari boshchiligida ishchi guruh tashkil etilishi belgilangan boʻlib, uning tarkibida “Chinoz hayoti” gazetasi bosh muharriri, xalq taʼlimi, moliya boʻlimi boshliqlari hamda tibbiyot birlashmasi rahbari ham kiritilgan. Ular boshchiligidagi tashkilotlarda “Chinoz hayoti” ijtimoiy-siyosiy gazetasiga obuna boʻlishni targʻib etilishi belgilanib, tavsiya etilgan bir yillik obuna nusxasi soni 5498 tani tashkil etadi. Xususan, tumandagi barcha maktablarga 1000 dona, tibbiyot muassasalariga 1000 dona, tadbirkorlarga 1000 dona, har bir mahallaga aholi bilan birga 10 donadan obuna boʻlish tavsiya etiladi.

 

Adliya vazirligi Chinoz tuman adliya boʻlimi gazetaga majburiy obuna noqonuniy deb topib, 15-noyabr kuni hokimlikka mazkur farmoyishni bekor qilish yuzasidan taqdimnoma kiritganini maʼlum qildi. Taqdimnomaga asosan mazkur farmoyish Chinoz tuman hokimining 30-noyabrdagi qarori bilan bekor qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish