Buxoroda Italiyaning Campania universiteti filiali ochiladi. Talabalar Italiyada amaliyot oʻtashi mumkin

Saqlash
15:26 / 03.12.2021 1076 0

Italiyaning Neapol shahrida Buxoro viloyati delegatsiyasi hamda Luiji Vanvitelli nomidagi Campania universiteti rahbariyati oʻrtasida Buxoro shahrida mazkur universitet filialini tashkil etish boʻyicha dastlabki kelishuv memorandumi imzolandi, deb xabar berdi “Dunyo” agentligi.

 

Maʼlum qilinishicha, uchrashuvda Oʻzbekistonning Italiyadagi elchisi Otabek Akbarov, Buxoro viloyati hokimi oʻrinbosari Mirali Hamroyev, Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori Nusratilla Barakayev va Buxoro davlat tibbiyot instituti prorektori Ahatjon Nasullayev, Campania universiteti rektori Janfranko Nikoletti, universitet prorektori Luidji Maffey, universitet xalqaro boʻlimi boshligʻi Serjio Minuchchi hamda turli fakultetlarning vakillari qatnashgan.

 

Buxoro shahrida Campania universiteti filialini ochish bilan bogʻliq tashkiliy masalalar muhokama etilgan. Imzolangan kelishuvga asosan filialda Campania universitetining oʻquv dasturlari asosida qurilish, arxitektura, kiyimlar dizayni, oliy hamshiralik yoʻnalishlarida bakalavr hamda magistrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, Buxoro viloyatida mavjud ehtiyojdan kelib chiqqan holda charm va teri mahsulotlarini qayta ishlash, tibbiyot, farmatsevtika va turli tor mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash taklifi oʻrtaga tashlangan.

 

Filialda taʼlim jarayoniga Campania universitetining malakali professor-oʻqituvchilari jalb etilib, talabalarning Italiyada amaliyot oʻtashiga imkoniyat yaratiladi.

 

Rektor Janfranko Nikoletti Buxoro shahrida Campania universiteti oʻz filialini tashkil etishdan manfaatdorligi, 2022-yilning bahorida universitet delegatsiyasining Buxoro shahriga tashrifi davomida filialni tashkil etish boʻyicha shartnomani imzolashga tayyor ekanini bildirgan.

 

Filial faoliyati toʻlaqonli yoʻlga qoʻyilgunga qadar Buxoro muhandislik-texnologiya instituti hamda Buxoro davlat tibbiyot universiteti bilan yuqorida taʼkidlangan yoʻnalishlar boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlari amalga oshiriladi. Bu boʻyicha Campania universiteti hamda Buxoro oliy bilim yurtlari oʻrtasida memorandum imzolangan. Tomonlar oʻrtasida qoʻshma taʼlim dasturlarining oʻquv rejalari va turli tashkiliy masalalar batafsil muhokama etilib, bu borada ishlarni yanada jadallashtirishga kelishib olingan.

 

Shuningdek, Campania universiteti hamda Buxoro viloyati oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida ikki tomonlama professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, turli ilmiy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha ham kelishib olingan. Campania universiteti mutaxassislari Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalari ilmiy laboratoriyalarini modernizatsiya qilishga koʻmaklashish, oʻzbekistonlik talabalarga PhD darajasini olish uchun grantlar ajratish, oʻzbekistonlik professor-oʻqituvchilarni ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun Italiyaga taklif etish hamda ikki tomonlama diplom asosida tahsil olayotgan talabalarning Campania universitetida oʻqishini amalga oshirishga tayyorlik bildirilgan.

 

Tomonlar, shuningdek, taʼlim sohasida boshqa istiqbolli masalalar yuzasidan ham fikr almashgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//