Jamiyat
17-oktabrdan 18-oktabrga oʻtar kechasi Gʻazo sektoridagi “Al-Ahli” kasalxonasiga zarba berildi. Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu boʻyicha bergan bayonotida holatni keskin qoraladi.
“Gʻazo sektoridagi “Al-Ahli” kasalxonasiga uyushtirilgan havo hujumi oqibatida koʻplab insonlar halok boʻlgani haqidagi xabarni chuqur qaygʻu bilan qabul qildik”, — deyiladi TIV xabarida.
Vazirlik holatni “dahshatli zoʻravonlik” deb atadi va keskin qoraladi: “Buni xalqaro gumanitar huquqning qoʻpol buzilishi deb hisoblaymiz”.
TIV vafot etganlarning oila aʼzolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan holda, mojaro tomonlarini zudlik bilan harbiy harakatlarni toʻxtatishga hamda oʻt ochishdan tiyilishga chaqirdi.
Seshanba kuni kechqurun kasalxonaga zarba berildi. Falastin hukumati kamida 500 kishi, jumladan, bolalar halok boʻlganini maʼlum qildi va hujumda Isroilni aybladi. Isroil, oʻz navbatida, shifoxonaga “Islom jihodi” raketasi bilan zarba berilganini aytdi (guruh buni rad etmoqda).
Kasalxonaga hujum chorshanba kuni AQSH prezidenti Jo Baydenning Isroilga tashrifi arafasida uyushtirildi. Baydenning aytishicha, uning maʼmuriyati vaziyatni oʻrganmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining maʼlum qilishicha, shifoxona Gʻazo sektori shimolidagi Isroil harbiylaridan evakuatsiya boʻyicha buyruq olgan 20 ta kasalxonadan biri. Biroq mavjud notinch vaziyat, koʻplab bemorlarning ogʻir ahvolda ekani, tez yordam mashinalari, xodimlar, shifoxona oʻrinlari va koʻchirilganlar uchun muqobil boshpanalarning yoʻqligi sababli buyruqni amalga oshirishning iloji boʻlmagan.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish kasalxonaga uyushtirilgan hujumni qoraladi. Uning taʼkidlashicha, shifoxonalar, klinikalar, tibbiyot xodimlari va BMT binolari xalqaro huquq tomonidan soʻzsiz himoyalangan.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ham zarbani keskin qoraladi.
“JSST tinch aholi va sogʻliqni saqlash tizimini zudlik bilan faol himoya qilishga chaqiradi. Evakuatsiya buyrugʻi olib tashlanishi kerak. Xalqaro gumanitar huquqni hurmat qilish kerak, bu sogʻliqni saqlash tizimlari faol himoya qilinishi va har qanday holatda ular hujum nishoniga aylanmasligi kerakligini anglatadi”, — deyiladi JSST bayonotida.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamgʻarmasi (UNIСEF) ham havo hujumini qoraladi. “Biz barcha tinch aholini, jumladan, bolalarni va ular tayanadigan infratuzilmani himoya qilishga chaqiramiz. Bizga zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatish va insonparvarlik yordami zarur”, — dedi UNIСEF.
Hujum ortidan butun Yaqin Sharqda keng koʻlamli norozilik namoyishlari boshlandi.
Iordaniya AQSH prezidenti va arab davlatlari rahbarlarining sammitini bekor qildi. Falastin milliy maʼmuriyati rahbari Mahmud Abbos avvalroq muzokaralarda ishtirok etishdan bosh tortgandi.
Kasalxona 1882-yilda ochilgan va Gʻazo sektoridagi eng qadimgi shifoxona hisoblanadi. Har yili u 45 mingdan ortiq bemorni qabul qiladi.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q