“‘Maʼrifat’ − bizning gazetamiz va bizniki boʻlib qolsin!” Oʻzbekistonlik oʻqituvchilar gazetani saqlab qolishni soʻrab murojaat bilan chiqdi

Saqlash
22:08 / 11.10.2023 1387 0

Oʻzbekistonning turli hududlaridagi umumtaʼlim maktablarida faoliyat yurituvchi bir guruh oʻqituvchilar “Maʼrifat” gazetasini saqlab qolish borasida murojaat qildi.
 

“Hurmatli davlat idoralari va taʼlim tashkilotlari rahbarlari, qadrli hamkasb­lar, umumtaʼlim maktablarining fidoyi va zahmatkash oʻqituvchilari, biz mamlakatimizning turli hududlaridagi umumtaʼlim maktablarida faoliyat yurituvchi bir guruh oʻqituvchilar sizlarga yurtimiz kelajagiga daxldor oʻta muhim masala yuzasidan murojaat qilmoqdamiz”, − deb boshlanadi murojaat matni.
 

 

“Soʻnggi yillarda majburiy obunaga qarshi kurash bahonasida oʻqituvchilar va bosma taʼlim nashrlari oʻrtasidagi aloqa deyarli uzildi. Har yili koʻplab gazeta va jurnallar yopilmoqda. Mantiqiy olib qaralganda − bu milliy fojiadir. Oʻz vaqtida yuz minglab nusxalarda nashr etilgan, mamlakatimiz ziyolilarining otaxon nashri − “Maʼrifat” gazetasi ham ogʻir ahvolda, yopilib ketish darajasiga kelib qolgan”.

Shuningdek, murojaatda bosma nashrlar, xususan, taʼlim nashrlari rivoji uchun xizmat qiladigan Prezident Qaror­lari(2022-yil 11-maydagi 241-PQ va 2022-yil 27-iyundagi 294-PQ)da taʼlim muassasalarini taʼlim nashrlari, xususan “Maʼrifat” va “Uchitel Uzbekistana” gazetalari bilan taʼminlash koʻzda tutilgani, biroq mazkur qarorlar ijrosi masʼul rahbarlar tomonidan yetarlicha taʼminlanmagani aytiladi.
 

“Hurmatli davlat hokimiyati organlari va taʼlim muassasalari rahbarlari! Sizlardan Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan, yuqorida koʻrsatib oʻtilgan qarorlarning ijrosini taʼminlashlaringizni soʻraymiz. Zero, bu bilan ham xizmat burchingizni bajargan, ham mamlakatimiz kelajagiga hissa qoʻshgan boʻlar edingiz. Chunki taʼlim muassasalariga yetib borgan “Maʼrifat” gazetasining har bir soni oʻsha taʼlim muassasasida faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilarning malaka va saviya­sining, tajriba va mahoratining, oʻquvchilarning esa bilim sifatining oʻsishiga koʻmak beradi.

Hurmatli oʻqituvchilar, aziz hamkasb­lar! Keling, bilim va mahoratimizni oshirish, oʻzaro tajriba almashish, oʻqish va oʻrganish uchun xizmat qiladigan sevimli gazetamiz “Maʼrifat”ga obuna boʻlaylik. Biz ulkan kuchmiz. Agar obuna bir kishiga qimmatlik qiladi desangiz, 5-6 kishi birikib obuna boʻlsak ham, sevimli gazetamizning tiraji yuz ming nusxadan oshardi.

Hurmatli hamkasblar, sevimli gazetamiz “Maʼrifat”ga obuna boʻlaylik!”, — deyiladi murojaatda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//