Oʻzbekiston koronavirusning “omikron” shtammi sabab  10 ta davlat bilan aviaqatnovlarni vaqtincha toʻxtatadi

Saqlash
19:18 / 01.12.2021 881 0

Epidemiologik vaziyat murakkab boʻlgan bir qator davlatlar bilan xalqaro aviaqatnovlar toʻxtatiladi. Bu haqida Sogʻliqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.



Qayd qilinishicha, soʻnggi kunlarda Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Isroil, Italiya, Niderlandiya, Chexiya, Avstraliya, Misr hamda Janubiy Afrika mintaqasi mamlakatlarida (Janubiy Afrika Respublikasi, Botsvana, Lesoto, Namibiya, Zimbabve, Mozambik, Madagaskar, Esvatini va Tanzaniya) koronavirusning yangi «omikron» shtammi keng tarqalib, epidemiologik vaziyat keskinlashib borayotganligi munosabati bilan, qator davlatlarda, xususan AQSH, Avstriya, Germaniya, Slovakiya, Rossiya Federatsiyasi va Qozogʻistonda qoʻshimcha karantin cheklovlari joriy etilmoqda.



Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasida ham koronavirus infeksiyasi, shu jumladan, uning yangi «omikron» shtammi tarqalishining oldini olish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi immunitetni oshirish maqsadida joriy yil 17-noyabrdan boshlab toʻliq emlangan fuqarolarni buster doza bilan ixtiyoriy emlash tartibi joriy etildi.

 

Qolaversa, jahondagi murakkab epidemiologik vaziyat Oʻzbekiston Respublikasi aholisini ham ogohlikka chaqirish, fuqarolarimiz oʻrtasida ehtiyotkorlik susayib ketishining oldini olish zarurati paydo boʻlganini koʻrsatmoqda.

 

Shundan kelib chiqib, Respublika maxsus komissiyasining yigʻilishida yangi yil arafasida mamlakatimizda epidemiologik vaziyatning barqarorligini saqlab qolish va yurtimiz hududiga koronavirus infeksiyasining yangi «omikron» shtammi kirib kelishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha bir qator masalalar koʻrib chiqildi.

 

2021-yil 3-dekabrdan 2022-yil 10-yanvarga qadar:

 

Janubiy Afrika Respublikasi, Botsvana, Namibiya, Zimbabve, Mozambik, Madagaskar, Lesoto, Esvatini, Tanzaniya va Gonkong bilan xalqaro aviaqatnovlar (kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali respublika hududiga kirish) toʻxtatildi.
 

Mazkur davlatlarning fuqarolari va ushbu davlatlarda doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek, soʻnggi 14 kun davomida yuqoridagi davlatlarda boʻlgan uchinchi davlat fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kiritilmaydi.

 

Masʼul vazirlik va idoralar ushbu davlatlardagi mavjud epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda ular bilan xalqaro aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash yuzasidan taklif kiritib borishi belgilandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//