Koronavirusga qarshi emlanayotgan aholining umumiy statistikasi sunʼiy oshirilayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirildi

Saqlash
17:25 / 30.11.2021 874 0

Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanmagan fuqaroga vaksina olganlik toʻgʻrisida SMS-xabarnoma kelgani haqida video tarqaldi. Unda murojaat egasi “Siz bugun vaksina oldingiz, keyingi vaksinangiz dekabr oyida” degan mazmunda xabarnoma olganini aytib, yurtimizda emlangan aholining umumiy statistikasi oshirib koʻrsatilayotgan boʻlishi mumkinligini bildirgan. Ushbu holat yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati munosabat bildirdi.

 

“Ushbu holatga izoh berishdan avval shuni aytmoqchimanki, Sogʻliqni saqlash vazirligi COVID-19ga qarshi emlanish statistikasi sunʼiy oshirilishidan hech qanday manfaatdor emas. Aksincha, har bir fuqaro emlash jarayonlarida faol ishtirok etib, bu orqali mamlakatimizdagi epidemik vaziyatning barqaror boʻlishi tarafdoridir. Shu nuqtayi nazardan, yuqoridagi videomurojaat egasining vaksina olgan aholining umumiy statistikasiga ishonchsizlik bildirishiga asos yoʻq”, deyiladi unda.

“Yuqoridagi holat kabi bugun ayrim fuqarolarning qoʻl telefoniga koronavirusga qarshi vaksina olganlik haqida notoʻgʻri SMS-xabarnoma yuborilmoqda. Aslida esa oʻsha fuqaro umuman emlanmagan boʻlib chiqyapti. Bu bir qarashda biroz tushunarsiz holat boʻlishi mumkin, biroq ushbu jarayonlarda inson omili ishtirok etishini hisobga olsak, xatoliklar yuzaga kelishi mumkin. Yaʼni, hozirda emlanayotgan aholining shaxsiy maʼlumotlarini elektron tizimga kiritayotgan tibbiyot xodimi katta hajmdagi axborot bilan ishlashiga toʻgʻri kelmoqda. Qolaversa, baʼzi emlash punktlarida maʼlumotlar qogʻoz jurnallarga kiritilayotgani bois, masʼul xodimning xato qilish ehtimoli yoʻq emas” – degan Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Abdulla Azizov.

 

Bunday holatlarning oldini olish uchun ITMed mobil ilovasi va telegramdagi @itmeduz_bot sahifasida JSH SHIR (jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsion raqami) hamda my.gov.uz portali orqali JSH SHIR va pasport maʼlumotlaridan foydalangan holda vaksina olish uchun elektron navbatga yozilish va emlanganlik sertifikatini yuklab olish imkoniyati yaratilgan. Agar vaksina oluvchi fuqaroda bunday imkoniyat boʻlmasa, oʻzining shaxsiy maʼlumotlari va telefon raqamini emlash hamshirasiga toʻgʻri aytganiga ishonch hosil qilishi kerak. Ana shunda yuqoridagi kabi tushunmovchiliklar yuzaga kelmaydi», deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//