Endi paxta narxi erkin bozor tamoyillari asosida belgilanadi

Saqlash
15:06 / 18.09.2023 981 0

Paxta xom ashyosining narxi bozor iqtisodiyoti talablariga muvofiq, har bir hududda oʻsha hududdagi yerning holati, paxta yetishtirishga yoʻnaltirilgan sarf-xarajatlar, bozordagi talab va taklifdan kelib chiqib, bevosita oluvchi va sotuvchi tomonlarning oʻzaro kelishuvi asosida belgilanadi.

Ushbu oʻzgarishlarga 2023-yil 26-yanvarda “Paxta xomashyosi yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident qarori asos qilib keltirilgan.

Fermer-dehqonga oʻzi yetishtirgan paxta xomashyosini xaridor bilan oʻzaro kelishilgan narxda sotish erkinligi beriladi. Paxta yetishtiriladigan maydonlarni nasos orqali sugʻorishda sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizgacha qismi davlat byudjetidan qoplab beriladi.

Xabarda urugʻlik, mineral oʻgʻitlar, yonilgʻi-moylash materiallari va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari klasterlar tomonidan fermer xoʻjaliklariga ustama qoʻllamasdan, oʻtgan yilga nisbatan 15-20 foiz past narxlarda yetkazib berilgani paxta yetishtirish xarajatlarini kamaytirish uchun yana bir imkoniyat boʻlgani aytiladi.

Joriy yilda paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari tomonidan 5 mingdan ortiq yuqori unumli qishloq xoʻjaligi texnikalari va agregatlari xarid qilinishi natijasida 48 foiz maydonda chigit yuqori unumli zamonaviy pnevmatik seyalkalarda ekilgan va 15 ming tonna urugʻlik chigit (24 mlrd soʻmdan ortiq) va 5 ming tonna dizel yoqilgʻisi (qariyb 50 mlrd soʻm) tejalgan.

Respublika boʻyicha tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilgan paxta maydonlar qariyb 300 ming gektarga yetkazilishi natijasida gʻoʻzani sugʻorish ishlarida 1,5 mlrd kub metrga yaqin suv resurslari, 50 ming tonnadan ortiq mineral oʻgʻit (qariyb 200 mlrd soʻm) va 10 ming tonnaga yaqin yoqilgʻi moylash materiallari (90 mlrd soʻmdan ortiq) iqtisod qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//