Deputat jamiyatni qonun ustuvorligi tomon emas, teskari tomonga chorladi — Adliya vazirligi Kusherbayev harakatlarini qattiq qoraladi

Saqlash
21:36 / 30.11.2021 854 0

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videotasvirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati R.Kusherbayev Yangiyoʻl shahrida bir soat davomida valyuta ayirboshlash shoxobchasini izlagani, biroq ularning barchasi yopiqligi sabab 50 AQSH dollarini “qora bozorda” almashtirishga majbur boʻlganligini, bu harakati bilan Oʻzbekiston Respublikasi qonun va tartiblarini buzganligini hamda oʻz harakati uchun javobgar boʻlishga tayyor ekanligini namoyishkorona maʼlum qildi.

 

Xabarda koʻtarilgan muammo hayotimizda uchrayotganligini inkor etmagan holda, uning aynan huquqiy tomoniga alohida eʼtibor qilinishi kerak, deyiladi vazirlik xabarida.

 

«Oʻzbekistonda qonun chiqaruvchi oliy organning vakili tomonidan amalda va oʻz kuchida boʻlgan Oʻzbekiston qonunlarini buzishga qaratilgan namoyishkorona harakatlarni Adliya vazirligi quyidagilarga asosan qattiq qoralaydi.

 

Birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan yuqoridagi qoidalar va qonun talablari kimgadir qulayligi yoki qulay emasligi, yoqishi yoki yoqmasligi, uning fikridan, qarashlaridan va ijtimoiy maqomidan yoxud haftaning qaysi kuni ekanligidan qatʼi nazar bajarilishi majburiydir. Oʻzbekistonda huquqiy ong va madaniyat, qonun ustuvorligini taʼminlash va huquqiy davlat qurish boʻyicha jamiyat birlashib, shu maqsadlar sari intilib yashab kelmoqda.

 

Albatta mamlakatda qonun ustuvorligini taʼminlashda hali qator muammolar mavjud va bu borada qilinishi kerak boʻlgan ishlar juda koʻp. Buni har kungi hayotimizda, jamiyat vakillari fikrlarida, xalqaro kuzatuvchilar va tashkilotlar reytinglarida ham koʻrib turibmiz. Shunday ekan, ushbu muammolarni yechish va qonuniylikni taʼminlash ustida bosh qotirish kerakmi yoki teskarisini targʻib qilish kerakmi, degan haqli savol tugʻiladi.

 

Ikkinchidan, jamiyatni qiynayotgan, oʻz yechimini kutayotgan muammo va kamchiliklar ochiq va shaffof barcha darajada muhokama qilinib, yechimlar oʻrtaga tashlanmoqda. Bunda aholining barcha qatlamlari, deputatlar, senatorlar va mutaxassislar oʻz fikrlarini erkin bayon etmoqda.

 

Lekin deputat R.Kusherbayev tomonidan qonun bilan javobgarlik belgilab qoʻyilgan huquqbuzarlikni bila turib sodir etib, bu xatti-harakatini keng ommaga namoyishkorona maʼlum qilinishi jamiyatni qonun ustuvorligi tomon emas, teskari tomonga chorladi, noqulay paytda qonunlarni buzish mumkin, yoqmaydigan talablarga koʻz yumsa boʻladi, javobgarlikdan qoʻrqmayman degan eng notoʻgʻri va asossiz signalni jamiyatimizga yubordi.

 

Ayniqsa, bu harakatlar, qonun qabul qiladigan eng oliy organ vakili tomonidan, oʻzi qabul qiladigan qonunlarga rioya etilishini targʻib qilishi kerak boʻlgan masʼul inson tomonidan sodir etilgani eng achinarli holatdir.

 

Kelajakda hurmatli deputat qonun ustuvorligini boshqalardan talab qilganda, oʻzining ushbu harakatlarini jamiyat aʼzolari unga eslatishlari aniq.

 

Uchinchidan, Qonunchilik palatasi deputati sifatida R.Kusherbayev oʻz vakolatlari doirasida masalani tizimli hal qilish maqsadida tegishli soʻrov bilan mutasaddi idoralarga murojaat etishi, qonunlarga oʻzgartirish boʻyicha tashabbus bilan chiqishi ham mumkin edi (valyuta sohasidagi qonunlarga).

 

Afsuski, R.Kusherbayevning shaxsiy oʻrnak sifatida qonunlarni buzish orqali muammoni hal etish va bunday huquqbuzarlikni maʼnan yoqlash usulini tanlagani, shu orqali huquqiy nigilizmni targʻib qilishga olib kelayotganligini oqlab boʻlmaydi.

 

Toʻrtinchidan, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Qonunning 3-moddasiga asosan deputat oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlariga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi. Mazkur qonunning 11-moddasiga asosan deputat odob qoidalariga qatʼiy rioya etishi lozimligi, deputatning oʻz maqomidan jamiyat va davlatning qonuniy manfaatlariga ziyon yetkazadigan tarzda foydalanishiga yoʻl qoʻyilmasligi nazarda tutilgan», deyiladi vazirlik tarqatgan xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//