Madaniyat
Respublikamizda 40 ga yaqin teatr bor. Yurtdoshlarimiz orasida teatr ixlosmandlari talaygina deb ayta olmaymiz, lekin har bir teatr oʻzining muxlislariga ega. Insonlarga maʼnaviy ozuqa, madaniy hordiq va estetik zavq ulashishni maqsad qilgan moʻjizaviy sanʼat dargohlari sentabr oyida birma-bir oʻzlarining navbatdagi mavsumlarini ochiq deb e’lon qilmoqda.
Oyina.uz poytaxtdagi baʼzi teatrlarning joriy mavsumi va repertuari haqida sizlarga zaruriy maʼlumotlar taqdim etadi.
Oʻzbek Milliy akademik drama teatri
3-sentabr kuni soat 18:00 da O‘zbek Milliy akademik drama teatrida 109-mavsum ochilishi bo‘lib o‘tdi. Mavsumning ilk pardasi ko‘tarilgach, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimning “Adolat fasli” (“Amir Temur”) asari namoyish etildi. Spektaklda markaziy qahramon Amir Temurni O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Yodgor Sa’diyev gavdalantirdi. An’anaga ko‘ra spektakl namoyishidan avval teatr ijodiy jamoasi sahnaga chiqib, tomoshabinlar bilan diydorlashdi.
Ana endi teatr repertuariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, dramaturgiya tarozisida milliy asarlar asosiy og‘irlikni bosayotganini ko‘rish mumkin. Tomoshabinlar sentabr oyi uchun e’lon qilingan repertuarga ko‘ra “Adolat fasli” (Usmon Azim asari), “Usmon Nosir” (Nodira Rashidova asari), “Urush odamlari” (Nazar Eshonqul asari), “O‘tkan kunlar” (Abdulla Qodiriy asari), “Taqdir sinovlari” (Qo‘chqor Norqobil asari) kabi tarixiy asarlarni, “Ko‘ngil” (Erkin Xushvaqtov asari), “Andishali kelinchak” (Erkin Xushvaqtov asari), “O‘jarlar” (O‘razboy Abdurahmonov asari), “Chiroylisan muhabbat” (Erkin Xushvaqtov asari), “Keldi-yu ketdi” (Farhod Fayziyev asari), “O‘zgalar dardi” (Nurillo Abbosxon asari) kabi komediyalarni, “Iymon” (Izzat Sulton asari) zamonaviy dramasini tomosha qilishlari mumkin.
Akademik teatr jahon dramaturgiyasidan biroq uzoqlashayotgani sezilmoqda. Garchi avvalgi mavsumlarda “Revizor”, “Tartyuf”, “Abay” kabi spektakllar sahnani to‘ldirgan edi. Bu mavsum boshi repertuarida faqatgina “Arshin mal-alan” (Uzeyir Gadjibekov asari) muqisiy komediyasini ko‘rish mumkin. Oldindan xulosa qilmaymiz, keyingi oylardan teatr repertuariga yanada “rang” kiradi deb umid qilamiz.
Oʻzbekiston davlat drama teatri
O‘zbekiston davlat drama teatrining 55-mavsumi 8-sentabr kuni ochildi. Ochilish marosimidan so‘ng ulug‘ adib Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammadning “Yolg‘iz” qissasi asosida sahnalashtirilgan “Jinlar bazmi” spektakli namoyish etildi.
Teatr mavsum avvalidan eng sara spektakllarini tomoshabinlarga havola etmoqda: “Ayajonlarim” (Abdulla Qahhor asari), “Xasis” (Jan Batist Molyer asari), “Advokatlik osonmi?” (Abdulla Avloniy asari), “Yer baribir aylanaveradi” (Sharof Boshbekov asari), “Jinlar bazmi” (Xurshid Do‘stmuhammad asari), “Truffaldino – ikki boyning malayi” (Karl Goldoni asari), “Romeo va Julyetta” (Uilyam Shekspir asari)… Umuman, bu teatr repertuarida xorij klassikasi asosiy o‘ringa chiqqanini ko‘rish mumkin.
Ma’lumotlarga qaraganda, teatr rejissorlari ayni damda “Farrosh kampirning tushi” (Erkin A’zam asari) hamda “Qo‘rqma” (Javlon Jovliyev asari) spektakllarini sahnalashtirmoqda. Premyera yaqin.
Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri
Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri 10-sentabr kuni 85-mavsumini boshladi. Tomoshabinlar ochilish marosimida Ilhom Atamirzayev tomonidan sahnalashtirilgan “Yoshlik sog‘inchi” teatrlashtirilgan musiqali konsert dasturidan bahramand bo‘ldilar.
Musiqali teatrning barakali repertuarida nisbatan musiqali komediyalar asosiy o‘rinni egallaydi. Agar siz aynan mana shu teatrda tomosha ko‘rishni xohlasangiz sizga “Halima” (Gʻulom Zafariy asari), “Qaynona” (Majid Shamxalov asari), “Olifta” (Farhod Musajon asari), “Qobil ila Hobil” (Nafas Shodmonov asari), “Aqldan ozish hech gapmas” (Shukrullo Mahkamov asari), “Layli va Majnun” (Xurshid asari), “Dildagi dog‘” (Qo‘chqor Norqobil asari), “Otabek va Kumushbibi” (Abdulla Qodiriy asari), “Usmon Nosir” ( Javlon Jovliyev asari), “Asl xazina” (Shukrullo Mahkamov asari), “Qaytar dunyo” (Xoliq Xursandov asari), “Tohir va Zuhra” (Sobir Abdulla asari), “Sarvqomat dilbarim” (Chingiz Aytmatov asari), “Baxshi” (Nafas Shodmonov asari), “Na malakman, na farishta” (Nasrullo Qobul asari), “Qaychi qudalar” (Uzeyir Gadjibekov asari) kabi spektakllar taklif qilinishi mumkin.
E’tibor qaratadigan bo’lsak, bu repertuarda tarixiy asarlar, shuningdek, jiddiy mavzudagi dramatik asarlar ham mavjud.
O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri
O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida 14-sentabr kuni 95 yillik yubiley ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda bolalar uchun sevimli qahramonlar ishtirokida qiziqarli tomoshalar, “Talant” guruhining kuy-qo‘shiqlari taqdim etildi. Shuningdek, teatr sahnasida o‘zbek xalq ertagi asosida sahnalashtirilgan “Zumrad va Qimmat” spektakli premyera qilindi.
Mashhur ertak asosida yaratilgan spektaklning sahnalashtiruvchi rejissori To‘lqin Mahmudov, rassom Yevgeniya Biserova, kompozitor Bahodir Zokirov, bosh rollarni Zaynura Nig‘matova, Dilnavoz Ahmedova hamda Shamsiqamar Mansurova ijro etganlar.
Quvonarlisi, teatr repertuari rang-barang ko‘rinishga ega. Joriy mavsumda tomoshabinlarga “Oltin tarvuz” (o‘zbek xalq ertagi), “Oloviddining sehrli chirog‘i” (arab xalq ertagi), “Sohibjamol va maxluq” (Sharl Perro asari), “Etik kiygan mushuk” (Sharl Perro asari), “Uchar kema” (Aleksey Simukov asari), “Baxtiyor shahzoda” (Oskar Uayld asari), “Zolushka” (Yevgeniy Shvars asari), “Oppog‘oy va uning do‘stlari” (Aka-uka Grimlar asari) kabi tomoshalar namoyish etiladi.
Shuningdek, ayni damda “Game over” hamda “Bolalik” nomli yangi spektakllar tayyorlanmoqda va tez orada premyerasi bo‘lib o‘tadi.
Oʻzbekiston Milliy qoʻgʻirchoq teatri
Aynan bugun 15-sentabr Oʻzbekiston Milliy qoʻgʻirchoq teatrida mavsum ochilishi tantanalari davom etmoqda.
Taklif etilgan tomoshabinlar esa Uilyam Shekspirning “Hamlet” asarini tomosha qildilar. Bu asarni qo‘g‘irchoq teatri talqinida tasavvur qilish biroz qiyin, bu o‘z-o‘zidan spektaklga bo‘lgan qiziqishni kuchaytiradi.
Teatr repertuari esa nisbatan “ixchamlashgan”. Bu mavsumda bolajonlar “Hamlet”dan tashqari “Gʻozcha” (N.Gernet, G.Gurevich), “Fotimaning sarguzashtlari” (N.Xabibullayev), “O‘tkir shoxli buqacha” (R.Farhadiy), “Aldar ko‘sa” (A.Bichkov), “Ur, to‘qmoq!” (S.Preobrajenskiy) kabi tomoshalarni o‘zbek va rus tillarida tomosha qilishlari mumkin.
“Diydor” teatr-studiyasi
Kichik sahnasida katta spektakllar qo‘yishga odatlangan “Diydor” teatr-studiyasi 7-sentabr kuni navbatdagi mavsumini ochiq deb e’lon qildi. Ma’lumot uchun, aynan mana shu sanada teatr-studiya asoschisi, taniqli rejissor, O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshev tavallud topgan.
Mavsumning ilk spektakli Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Maysaraning ishi” asari asosida sahnalashtirilgan “Masxarabozlar ishi” tomoshasi bo‘ldi. Bu tomosha teatr-studiyaning badiiy rahbari Bobur Yo‘ldoshev va Ruslan Haydarov tomonidan sahnalashtirilgan.
“Diydor” teatr-studiyasi joriy mavsumdagi repertuarini oldindan e’lon qilmagan. Avvalgi mavsumda “Kulgi akademiyasi” (Koki Mitani asari), “O‘t qo‘yuvchilar” (Maks Frish asari), “Zebiniso” (Uyg‘un asari), “Arshin mal-alan” (Uzeyir Gadjibekov asari) spektakllari tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olingan edi.
Oʻzbekiston davlat satira teatri
Oʻzbekiston davlat satira teatri 20-sentabr kuni soat 16.00 da 36-mavsumiga start beradi. Mavsum Nikolay Gogolning “Revizor” asari asosida sahnalashtirilgan spektakl bilan ochiladi. So‘nggi yillarda repertuarini o‘ziga xos darajada boyitgan teatr sahnasida “Shum bola” (Gʻafur Gʻulom asari), “Besh xotinning afandisi” (Ibrohim Sodiqov asari), “13-xona” (Rey Kuni asari), “Julqunboy” (Abdulla Qodiriy asari), “Soqov xotin” (Rixsivoy Muhammadjonov asari), “Padarkush” (Mahmudxo‘ja Behbudiy asari), “Falsafa doktori” (Branislav Nushich asari), “Qarsak chaling” (Abdulla Oripov she’rlari asosida), “Chig‘iriq” (Uchqun O‘sarov asari), “Qo‘sh arava yuki” (Rey Kuni asari), “Jamila” (Chingiz Aytmatov asari), “Revizor” (Nikolay Gogol asari) kabi spektakllarni tomosha qilishingiz mumkin.
Umuman olganda, respublikamizdagi barcha teatrlarga yangi mavsum davomida omad va muvaffaqiyat tilaymiz. Tomoshabinlarga faqat eng yaxshilarini ilinishda charchamanglar.
Sirojiddin RUSTAMOV,
Oyina.uz
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q