Telejurnalist Ramina Yagafarova 31 yoshida vafot etdi

Saqlash
20:16 / 15.09.2023 2064 0

Toshkentda 13-sentabr kuni “Dunyo boʻylab” telekanali jurnalisti Ramina Yagafarova vafot etdi, deb xabar berdi Gazeta.uz.

Qayd etilishicha, Ramina Yagafarova 12-sentabr kuni kechqurun Chilonzor tumanidagi xususiy klinikalardan birida davolanayotgan onasini koʻrish uchun borgan.

Jurnalist tomogʻidagi ogʻriq sabab oʻzi bilan olib yurgan levofloksatsin (antibiotik) tabletkasini ichadi. Oradan 10-15 daqiqa oʻtib, uni tutqanoq tutgan va hushini yoʻqotgan.

Xususiy klinika shifokorlari Yagafarovaga birinchi tez tibbiy yordamni koʻrsatgan, shundan soʻng uni jonlantirish boʻlimiga joylashtirishgan. Davo muolajalaridan soʻng u hushiga kelgan, ahvoli yaxshilangan.

Biroq 13-sentabr kuni kunduzi ayolda tutqanoq qaytalangan. Tibbiy muolajalarga qaramay, jurnalist, taxminan, 17:50 da vafot etgan, deyiladi tuman prokuraturasi axborotida.

Sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasiga koʻra, jurnalist oʻlimi “dori (levofloksatsin)ga allergik reaksiya, miya hamda oʻpka oʻtkir shishi, oʻtkir nafas olish va yurak-qon tomir yetishmovchiligi, anafilaktika shok” natijasida yuz bergan.

Chilonzor tuman prokuraturasi holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv harakatlarini olib bormoqda.

Ramina Yagafarova “Dunyo boʻylab” telekanalida rus tilida efirga uzatiladigan “Svoimi glazami” hamda “Aktualno” dasturlarini olib borgan. U Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida talabalarga dars bergan, shuningdek, doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib borayotgandi.

Uning hamkasblaridan biri Elmira Tuxvatullinaning aytishicha, Ramina oʻgʻli bilan dengizga dam olishga borishni orzu qilgan.

“Uning kanalimizga kelganiga koʻp boʻlmagandi, biroq u jamoaga juda tez kirishib ketdi va uning ajralmas qismiga aylangandi”, — deya hamkasbini xotirladi Tuxvatullina.

“Daryo” maʼlumotlariga koʻra, Levofloksatsin (antibiotik) dorisi Sogʻliqni Saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi davlat muassasasi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//