Oʻzbekiston prezidenti Dushanbe oʻtadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvida qatnashadi

Saqlash
20:01 / 13.09.2023 1297 0

Shavkat Mirziyoyev 14−15-sentabr kunlari Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining navbatdagi, beshinchi Maslahat uchrashuvi hamda Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi sammitida ishtirok etadi.

Davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadovning xabar berishicha, Dushanbedagi boʻlajak sammitda prezident qator muhim va dolzarb taklif va tashabbuslar bilan ishtirok etishi kutilmoqda. Mintaqada savdo-iqtisodiy, transport-logistika aloqalarini, “yashil” iqtisodiyot va energetika, suv va ekologiya sohalarida hamkorlikni yanada mustahkamlash, iqlim oʻzgarishlarining salbiy oqibatlariga qarshi birgalikda kurashish kabi masalalar yuzasidan oʻz nuqtai-nazarini bayon qiladi.

Uchrashuvi doirasida 12 ta qoʻshimcha tadbir — iqtisodiy forum, olimlar forumi, faol ayollar uchrashuvi, madaniy dastur va besh mamlakat milliy taomlari koʻrgazmasi oʻtkazilishi ham rejalashtirilgan. 13-sentabr kuni sammit doirasida mintaqaning besh mamlakatining transport vazirlari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtadi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini oʻtkazish tashabbusi 2017-yilda Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgandi. Avvalgi sammit 2022-yilning iyulida Qirgʻizistonda boʻlib oʻtgandi.

Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasini taʼsis etuvchi davlatlar rahbarlari Kengashining majlisi pandemiya sababli tanaffusdan keyin besh yil deganda birinchi marta oʻtkazilyapti. Sammit oxirgi marta Turkmanistonda 2018-yilda boʻlib oʻtgandi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning kelasi haftada AQSHga tashrif buyurishi xabar qilingandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//