Toshkentda “garmoshka” avtobus YTHga uchradi

Saqlash
21:11 / 12.09.2023 1406 0

Toshkentda King Long rusumli avtobus oʻrta gʻildiraklari quduqqa tushib ketishi oqibatida avtobus oʻrta qismi — “garmoshka”siga shikast yetdi.

“Toshshahartransxizmat” matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, voqea 11-sentabr kuni soat 21:35 larda Yangihayot tumanida yuz bergan.

131-sonli yoʻnalishda harakatlanayotgan King Long rusumli avtobus Sergeli 1-mavzesi, “Izumrud” restorani qarshisiga yetganida avtobusning oʻrta gʻildiraklari yoʻlning qatnov qismida joylashgan quduqqa tushib ketgan.

 

Quduqning atrofi choʻkishi oqibatida chuqurlik hosil boʻlgan va avtobusning oʻrta gʻildiraklari shu chuqurga tushib ketishi natijasida, mahkamlangan quduq qopqogʻi avtobusning ulangan tag va oʻrta qismi (garmoshka)ga shikast yetkazgan. Avtobusdagi yoʻlovchilarga zarar yetmagan.

Ushbu yoʻl-transport hodisasi Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan.

Bundan bir necha kun avval Toshkentning Bektemir tumanida ichida yoʻlovchilar boʻlgan elektrobus beton ustunga borib urilgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//