Jamiyat
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida yashovchi 7 oylik chaqaloq sirka kislotasi ichirilishi oqibatida ogʻir ahvolda shifoxonaga olib kelindi. Bu haqda viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, chaqaloqning ota-onasi va yaqinlari bemorga koʻrsatilayotgan tibbiy yordamdan norozi boʻlib, ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqish qilgan.
Shahrisabzlik 2023-yil 7-fevralda tugʻilgan bemor I.X. Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filiali reanimatsiya boʻlimiga 2023-yil 9-sentabr kuni soat 15:32 da ogʻir ahvolda olib kelingan. Ota-onasining soʻzlariga koʻra, shu kuni soat 12:00 lar atrofida nazoratsizlik va ehtiyotsizlik oqibatida goʻdakka suvda eritilmagan yuqori konsentratsiyali sirka kislotasi ichirilgan. Oqibatda ahvoli ogʻirlashgan goʻdak dastlab Shahrisabz tumani tibbiyot birlashmasi bolalar shifoxonasiga keltirilgan. Soʻng filialga yuborilgan, — deyiladi videomurojaatga javob qilgan boshqarma axborotida.
Taʼkidlanishicha, shifoxonada bemorga sirka kislotasidan oʻtkir zaharlanish, ogʻiz boʻshligʻi, lablari, halqum, hiqildoq va qiziloʻngach shilliq qavatlarining 1–2-darajali kimyoviy kuyishi, toksik nefrit, toksik miokardit, toksik pnevmoniya tashxisi qoʻyilib, reanimatsiya boʻlimiga yotqizilgan va standart boʻyicha intensiv davo muolajalari bajarilmoqda.
Kasallikning ikkinchi sutkasida yuqori nafas yoʻllari kuyishi natijasida yuqori nafas yoʻllari stenozi va shishi rivojlanib, bemorda nafas yetishmovchiligi uchinchi darajasi va yurak qon-tomir yetishmovchiligi natijasida toʻsatdan yurak toʻxtashi kuzatildi. Intensiv reanimatsion choralar koʻrilganidan soʻng yurak urishi tiklandi va bemor sunʼiy nafas apparatiga oʻtkazildi. Bemorda standart asosida toʻliq reanimatsion chora-tadbirlar davom ettirilmoqda, — deyiladi masʼullar axborotida.
Bildirilishicha, tarmoqlarda tarqalgan videomurojaatda bemorga tibbiy xizmat koʻrsatgan shifokorlar shaʼniga “superkontrakt”da oʻqigan qabilida ayblovlar yogʻdirilgan.
Vaholanki, ular koʻp yillik tajribaga ega boʻlgan, oliy toifali vrachlar hisoblanadi. Lor-shifokor sanitar aviatsiya yoʻnalishi orqali olib kelingan, goʻdakning ahvoli ogʻirligi sababli u toʻgʻridan toʻgʻri reanimatsiya boʻlimiga kelib, formasiz boʻlsa ham shoshilinch yordam koʻrsatishni lozim deb topgan. Shundan soʻng toksikolog, reanimatolog, kombustiolog, bolalar xirurgi va boshqa mutaxassislar ishtirokida konsilium oʻtkazilgan. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislaridan telemeditsina orqali tegishli tavsiyalar olinmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda videomurojaat bilan chiqayotgan bemorning yaqinlaridan vaziyat nechogʻlik murakkab boʻlmasin, ehtirosga berilmasdan, holatni toʻgʻri baholashlari va qonun doirasida ish tutishlari soʻraladi, — deydi masʼullar.
Qoʻshimcha qilinishicha, 7 oylik chaqaloq uchun ushbu holat oʻta ogʻir hisoblanadi. Bola organizmi hali bunday jarohatni koʻtarishi qiyin. Bemor tana haroratining koʻtarilishi toksik pnevmoniya bilan bogʻliq. Hozirda vaziyat viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi nazoratiga olingan, goʻdakning ahvoli kasallikni kechishi, yuzaga kelgan asoratlar sababli ogʻirligicha qolmoqda.
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
1 Izoh
Gsgsh
13:09 / 15.09.2023
Hammasi allohdan. Shufokorlar qo'lidan kelganicha yordam beradi. Ota-onaning e'tiborsizligi o'zlariga jabr bo'libdi. Sog'ayib ketsin ilohim. Amin🤲