Toshkent yirik shaharlar havo ifloslanishi reytingida 4-oʻrinda qayd etildi

Saqlash
15:22 / 11.09.2023 934 0

IQAir'ning real vaqt rejimidagi havoning ifloslanish darajasi boʻyicha reytingida Toshkent soat 8 atrofida 4-oʻringa koʻtarildi. Bunga Oʻzgidromet xodimi Erkin Abdulahatov eʼtibor qaratdi, deb yozmoqda “Gazeta”.

Iqlimshunosning yozishicha, nam havo oqimlarining kirib kelishidan oldin pastdan yuqoriga sezilar-sezilmas kuch hisobiga poytaxt havosida mayda dipers chang zarrachalari bilan ifloslanish ortgan.

IQAir platformasida poytaxt havosining sifat darajasi 144 birlik bilan baholanmoqda. Bu 101−150 oraligʻidagi “toʻq sariq” xavf darajasiga kiradi va taʼsirchan odamlar guruhi uchun nosogʻlom hisoblanadi.

Soat toʻqqizga kelib holat biroz yaxshilandi va shaharda havo ifloslanishi 118 birlikkacha pasayib, Toshkent reytingda 8-oʻringa tushdi.

Maʼlumot oʻrnida, 3-iyul kuni ham havo sifati boʻyicha yuritiladigan IQAir saytida Oʻzbekiston poytaxti havosi “zararli” darajani koʻrsatgandi. Oʻsha kuni havo konsentratsiyasi PM2,5 (oʻlchami 0,001 dan 2,5 mikrometrgacha boʻlgan qattiq mikrozarralar mavjud) 64,1 mkg/m3 (JSST tavsiyasiga koʻra kunlik — 15 mkg/m3, yillik — 5 mkg/m3)ni tashkil etgandi. Oʻshanda havo sifati indeksi 155 boʻlgan Toshkent havoning ifloslanishi boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinni egallagandi.

Shuningdek, House Fresh xalqaro jamoatchilik loyihasi havo sifati boʻyicha oʻz tadqiqotida Toshkentdagi yomon havo bir yilda chekilgan 503 ta sigaret kabi aholi salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi, deya qayd etgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//