“Yoshlar daftari”ga kiritilganlar uchun 5 muhim imtiyoz

Saqlash
14:55 / 08.09.2023 2011 1

Qonunchilikda “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar uchun 25 ga yaqin imtiyozlar nazarda tutilgan. Ularning ayrimlaridan foydalanish haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

1. Bir martalik moddiy yordam

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan moddiy ahvoli ogʻir yoshlarga BHMning 4 baravarigacha (1 mln 320 ming soʻmgacha) moddiy yordam beriladi.

Moddiy yordam olish uchun mahalladagi yoshlar yetakchisiga ariza beriladi.

Yoshlar yetakchisi 3 ish kunida ariza bergan shaxsning ijtimoiy holatini oʻrganadi hamda moddiy yordam berish yoki rad etish toʻgʻrisida Vasiylik kengashiga (tuman (shahar) yoshlar ishlari boʻlimi) xabar beradi. Moddiy yordam “Xalq banki” orqali naqd yoki plastikka kartaga beriladi.

Bir martalik moddiy yordam olish yoshlarni “Yoshlar daftari”dan chiqarishga asos boʻlmaydi. Moddiy yordam bir yilda bir marotaba beriladi.

2. Yoshlarning tadbirkorlik va kasb-hunarga oʻqish xarajatlari qoplab beriladi

Yoshlarning tadbirkorlik va kasb-hunarga oʻqish xarajatlarining 75 foizigacha qismi hokim yordamchisining ijobiy tavsiyasi asosida toʻlab beriladi.

Buning uchun tadbirkorlikka yoki kasb-hunarga oʻqishni istagan yoshlar tuman (shahar) Yoshlar ishlari boʻlimiga ariza hamda oʻquv kursi shartnomasi nusxasini beradi.

Shartnomada taʼlim tashkiloti nomi, STIR, oʻquv kursi yoki kasb-hunar nomi, bir oylik toʻlov miqdori va umumiy muddat koʻrsatilgan boʻlishi lozim.

Hujjatlar 3 ish kunida ariza bergan yoshlar yashaydigan mahalladagi hokim yordamchisiga koʻrib chiqish uchun yuboriladi va hokim yordamchisi 5 ish kunida oʻqish xarajatlarini qoplash haqidagi tavsiyanoma berish yoki rad etish haqida yoshlar ishlari boʻlimini xabardor qiladi. Tavsiyanoma berish rad etilsa, u asoslantirilgan boʻlishi shart.

Hokim yordamchisi arizani 5 ish kunida koʻrib chiqmasa yoki tavsiyanoma berishni asossiz rad etsa, Vasiylik kengashi (yoshlar ishlari boʻlimi) oʻz tashabbusi bilan kontrakt pulini oʻtkazib berishi mumkin. Oʻqish xarajatlarning 75 foizigacha qismi, biroq quyidagi miqdorlardan koʻp boʻlmagan holda toʻlab beriladi:

– bir oygacha boʻlgan kurslar uchun – BHMning 4 baravarigacha;

– bir oydan 2 oygacha boʻlgan kurslar uchun – BHMning 8 baravarigacha;

– ikki oydan koʻp muddatli kurslari uchun – BHMning 12 baravarigacha.

Hokim yordamchisi yoshlarning haqiqatda oʻqiyotganligini har oyda kamida bir marta monitoring qiladi. Agar yoshlar oʻqishga bormayotgan boʻlsa, kurs xarajatlarini qoplash toʻxtatiladi.

3. Yoshlarning avtomaktabda oʻqish xarajatlari qoplab beriladi

Yoshlarning avtomaktabda oʻqish xarajatlari BHMning 4 baravarigacha (hozirda 1 mln 320 ming soʻmgacha) qismi qoplab beriladi.

Buning uchun avtomaktabda oʻqishni istagan yoshlar tuman (shahar) yoshlar ishlari boʻlimiga ariza hamda oʻquv kursi shartnomasi nusxasini beradi.

Shartnomada taʼlim tashkiloti nomi, STIR, oʻquv kursi yoki kasb-hunar nomi, bir oylik toʻlov miqdori va umumiy muddat koʻrsatilgan boʻlishi lozim.

Hujjatlar qabul qilingandan keyin 3 ish kunida tegishli yoshlar yetakchisiga yuboriladi va yoshlar yetakchisi 5 ish kunida oʻqish xarajatlarini qoplash haqidagi tavsiyanoma berish yoki rad etish haqida yoshlar ishlari boʻlimini xabardor qiladi. Tavsiyanoma berish rad etilsa, u asoslantirilgan boʻlishi shart.

Hokim yordamchisi arizani 5 ish kunida koʻrib chiqmasa yoki tavsiyanoma berishni asossiz rad etsa, Vasiylik kengashi (yoshlar ishlari boʻlimi) oʻz tashabbusi bilan kontrakt pulini oʻtkazib berishi mumkin.

Oʻqish xarajatini qoplab berish qanoatlantirilganda, pul oʻquv markazining hisob raqamiga oʻtkazib beriladi.

Yoshlar yetakchisi yoshlarning haqiqatda avtomaktabga borayotganligini har oyda kamida 1 marotaba monitoring qiladi. Agar yoshlarning oʻqishga bormayotganligi aniqlansa, pul toʻlab berish bekor qilinadi.

4. Dehqonchilik va tomorqa yuritish bilan shugʻullanayotgan yoshlarga urugʻlik va koʻchatlar xarid qilish uchun subsidiya beriladi.

Tomorqasi boʻlgan yoki dehqonchilik qilayotgan yoshlarga urugʻlik va koʻchatlar xarid qilish uchun BHMning 8 baravarigacha miqdorda hokim yordamchisining ijobiy tavsiyasi asosida subsidiya beriladi.

Subsidiya olish uchun ariza beruvchi Yoshlar ishlari boʻlimiga yeri borligini tasdiqlovchi hujjat hamda urugʻlik va koʻchatlarni xarid qilish shartnoma nusxasini taqdim etadi.

 

Hujjatlar 3 ish kunida ariza bergan yoshlar yashaydigan mahalladagi hokim yordamchisiga koʻrib chiqish uchun yuboriladi.

Hokim yordamchisi 5 ish kunida ariza beruvchining dehqonchilik qiladigan yeriga borib urugʻlik va koʻchat ekishga sharoit borligini oʻrganadi.

Oʻrganish natijasiga koʻra, pul ajratish haqidagi tavsiyanoma berish yoki rad etish haqida Yoshlar ishlari boʻlimini xabardor qiladi. Tavsiyanoma berish rad etilsa, u asoslantirilgan boʻlishi shart.

Pul yoshlarning qoʻliga berilmaydi, ajratilgan pul urugʻlik va koʻchat yetkazib beruvchi tashkilotga oʻtkazib beriladi.

5. Tadbirkorlik uchun ijara xarajatlari qoplab beriladi

Yosh tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilgan yoshlar oʻz faoliyatini olib borayotgan joyning yillik ijara toʻlovining 30 foizi, biroq BHMning 25 baravarigacha boʻlgan qismi hokim yordamchisining ijobiy tavsiyasi asosida qoplab beriladi.

Buning uchun quyidagi hujjatlar Yoshlar ishlari boʻlimiga taqdim qilinishi kerak:

tadbirkorlik guvohnomasi nusxasi yoki oʻzini oʻzi band qilgan sifatida roʻyxatdan oʻtganlikni tasdiqlovchi QR-kodli maʼlumotnoma;
ijara shartnomasining soliqda hisobga qoʻyilganligi haqidagi bildirishnoma;
ijara shartnomasi nusxasi.
Hujjatlar 3 ish kunida ariza bergan yoshlar yashaydigan mahalladagi hokim yordamchisiga koʻrib chiqish uchun yuboriladi.

Hokim yordamchisi 5 ish kunida ijara shartnomasi xarajatlarini qoplash yoki rad etish haqida yoshlar ishlari boʻlimiga xabar beradi. Ariza rad etilsa, u asoslantirilgan boʻlishi lozim.

Ariza qanoatlantirilgan taqdirda, oylik ijara puli ijaraga bergan shaxs hisob raqamiga oʻtkazib beriladi.

Yuqoridagi imtiyozlardan foydalanish davomida qaysidir mansabdor shaxs, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi faoliyatidan norozi boʻlsangiz, hech ikkilanmay sudga, prokuratura yoki adliya organlariga murojaat qilishingiz mumkin.

1 Izoh

Nozigul

16:01 / 25.01.2024

Salom men kam ta'minlangan oila ro'yxatida turaman bolamga bolalar nafaqasi olaman o'zim ishsizman o'zimni band qilish u.n yoshlar daftariga kirib subsidiya asosida tikuv mashinkasi olmoqchi edim lekin bola puli olayotganim sabali buning iloji yuq ekan shunga izoh qoldirolasmi

Izoh qoldirish

//