Toshkent xalqaro aeroportida 8,5 tonna giyohvandlik vositasi fosh qilindi

Saqlash
22:05 / 07.09.2023 2047 0

Bojxona qoʻmitasi va Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining “Aviayuklar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida havo yoʻllari orqali respublikamizga xorijdan olib kelinib, soʻngra yuk avtotransport vositasi orqali tranzit tarzida olib oʻtilishi rejalashtirilgan 25 tonna ogʻirlikdagi 1000 qop qandolat koʻknorisi urugʻlari oziq-ovqat mahsuloti belgilangan tartibda bojxona koʻrigidan oʻtkazildi. Bu haqda Bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Odatda turli pishiriqlarga qoʻshiladigan yoki yuzasiga sepiladigan qandolat koʻknorisi garchi oʻxshash boʻlsa-da, anʼanaviy koʻknori giyohvandlik vositasidan tubdan farq qiladi. Yaʼni, ushbu mahsulot koʻknori oilasiga mansub oʻt oʻsimliklarning maxsus tayyorlangan va qayta ishlangan urugʻlari hisoblanadi.

Ammo, bojxona koʻrigi davomida hujjatlarda qandolat koʻknorisi deb koʻrsatilgan 25 tonna urugʻ va somonlar tarkibida haqiqiy giyohvandlik vositasi hisoblangan 8,5 tonna koʻknori somoni borligi aniqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida oʻtkazish tartibini, shuningdek ularning muomalada boʻlishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish toʻgʻrisida” 2015-yil 12-noyabrdagi 330-son qaroriga binoan koʻknor somoni mamlakatimiz hududida muomalasi taqiqlangan giyohvandlik moddasi hisoblanadi.

 

 

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Taʼkidlanishicha, bitta holatda 8,5 tonna giyohvandlik vositasining fosh qilinishidek eng yirik koʻrsatkich Oʻzbekiston bojxona xizmati organlarining soʻnggi 30 yillik tarixida ilk bor qayd etilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//