Xalqaro terrorchilik tashkilotini tuzgan oʻzbekistonlik erkak Suriyada halok boʻldi

Saqlash
20:29 / 07.09.2023 946 0

Suriyadagi janglarda terrorchilik tashkilotlaridan biriga rahbarlik qilgan Oʻzbekiston fuqarosi halok boʻldi, deb xabar bermoqda Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati.

Xabarda maʼlum qilinishicha, halok boʻlgan fuqaro, 1972-yilda tugʻilgan Ulugʻbek Babamuratov Toshkent shahri Yunusobod tumanida vaqtincha roʻyxatdan oʻtgan, maʼlumoti oʻrta. 2009−2010-yillarda Termiz shahrida “Jihodchilar jamoati”ni tashkil qilgan.

2011-yilda guruh aʼzolarining koʻpchiligi hibsga olingan, qolganlariga qidiruv eʼlon qilingan. Bu paytda Rossiyada boʻlgan “Termiz jamoati” aʼzolari Turkiyaga qochib oʻtgan.

2013-yil may oyida Ulugʻbek Babamuratov Suriyada “Katibat ul imom al-Buxoriy” xalqaro terrorchilik tashkilotini tuzgan. Oʻsha yili unga nisbatan Jinoyat kodeksining 244−2-moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qidiruvga berilgandi.

 

“Ulugʻbek Babamuratov Abdurasulovichning Suriyadagi jangovar harakatlar chogʻida vafot etgani toʻgʻrisida tezkor maʼlumotlar olingan”, — deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//