Oʻzbekiston Milliy universitetida Moskva Davlat universiteti bilan hamkorlikda Strategiya kafedrasi tashkil etiladi

Saqlash
14:09 / 07.09.2023 2495 0

Oʻzbekistonda professional strateg-mutaxassislar tayyorlash tizimini yaratish uchun Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Inomjon Majidov akademik Vladimir Kvint bilan uchrashuvi davomida Milliy universitetda Strategiya kafedrasini yaratish gʻoyasini qoʻllab-quvvatladi. Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, OʻzMU Strategiya kafedrasining uslubiy va ilmiy-pedagogik bazasini shakllantirish uchun Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universitetining 17 yildan beri muvaffaqiyatli faoliyat yuritib, professional strateglar avlodini tayyorlab kelayotgan kafedrasi tajribasidan foydalanishga qaror qilindi.

 

Rossiya strategiya maktabining asoschisi, strategiya nazariyasi va strategiyalash metodologiyasi boʻyicha dunyodagi eng yirik mutaxassis, akademik Vladimir Lvovich Kvint Oʻzbekistonda tashkil etilayotgan Strategiya kafedrasini ilmiy rahbar sifatida boshqarishga tayyorligini tasdiqladi. Akademik V.L. Kvint tomonidan ishlab chiqilgan strategiya nazariyasi va strategiyalash metodologiyasi dunyoning koʻplab mamlakatlarida va soʻnggi 15 yil ichida Rossiyada strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirish amaliyotida ham, oʻquv jarayonlarida ham muvaffaqiyatli qoʻllanilmoqda.

 

Amaliy strategiyalarni ishlab chiqish va strategiyani fan sifatida ishlab chiqqani uchun V.L.Kvint bir qator mukofotlar, jumladan, “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan, “Amir Temurning strategik yetakchiligi: Tuzuklarga sharhlar” fundamental ilmiy ishi uchun esa 2023-yil 25-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Rossiya Prezidenti V.V.Putin Vladimir Lvovichning xizmatlarini eʼtirof etib, Aleksandr Nevskiy ordeni bilan taqdirladi.

 

Professional strateglarni tayyorlash dasturi strategiyani ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonining turli jihatlarini ochib beruvchi uslubiy asoslardan tortib tarmoq, hududiy, korporativ strategiya, strategik yetakchilik va inson resurslarini strategik boshqarish kabi 35 ta fanni oʻz ichiga oladi. Strategiya kafedrasi dasturi boʻyicha tahsil oluvchi talabalar iqtisodiy, moliyaviy va texnologik strategiya asoslari boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri ushbu ilmiy maktab asoschisidan, shuningdek, milliy, tarmoq, hududiy va korporativ darajadagi mintaqaviy strategiyalarni oʻqitish va ishlab chiqish tajribasiga ega boʻlgan yetakchi mutaxassislardan saboq olish imkoniyatiga ega boʻladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish