“Bu shahar yuz yillab xalqqa xizmat qilishi kerak” – Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahrining Bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi

Saqlash
14:14 / 06.09.2023 1153 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-sentyabr kuni Yangi Toshkent shahrining Bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi.

Bugungi kunda Toshkent shahrida yashayotgan va ishlayotgan aholi soni qariyb 5 million nafarni tashkil qilmoqda. Koʻplab uy-joylar, muassasalar barpo etilib, infratuzilma tarmoqlariga yuklama ortmoqda. Shunga qaramay, yana yiliga 20 ming xonadonli uylar, 40 dan ortiq maktab, bogʻcha, poliklinika qurishga talab bor. Urbanizatsiya surʼatidan kelib chiqilsa, yaqin yillarda aholi soni yanada koʻpayadi.

Davlatimiz rahbari bu masalani alohida eʼtiborga olib, Toshkentni rivojlantirish rejalarini 15-20 yil oldindan belgilash vazifasini qoʻygan edi. Shundan kelib chiqib, shahardan tashqarida, zamonaviy arxitektura yutuqlari asosida yangi markaz qurishga kirishildi.

Joriy yil 20-iyulda Yangi Toshkent shahrini barpo etish chora-tadbirlari boʻyicha Prezident qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, Bosh vazir rahbarligida Yangi Toshkentni barpo etish ishlarini muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi hamda direksiya tashkil etildi. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligida bu loyihaga masʼul oʻrinbosar lavozimi joriy qilindi.

Ushbu ulkan loyiha uchun Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va Oʻrta Chirchiq tumanlaridan 19 ming 720 gektar yer tanlab olingan. Birinchi bosqichda 2,5 ming gektarda 100 ming aholi uchun uy-joylar va infratuzilma obyektlari qurish rejalashtirilgan. Direksiya tomonidan yetakchi xorijiy kompaniyalar jalb etilib, rivojlangan mamlakatlarda muvaffaqiyatli sinovdan oʻtgan amaliyotlar asosida Bosh reja, tarmoq rejalari va manzilli dasturlar ishlab chiqilmoqda.

“ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasida Bosh reja loyihasi taqdimoti oʻtkazildi. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari – “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” direktori hududni infratuzilma bilan taʼminlash, yoʻl va koʻpriklar qurish masalalari, muhandislik, shaharsozlik va arxitektura yechimlari boʻyicha axborot berdi.

Loyihada yashillik, qulaylik va tejamkorlikka alohida eʼtibor qaratilgan, faol iqtisodiyot va ijtimoiy hayot uygʻunlashtirilgan, transport tarmoqlari poytaxtimiz bilan oqilona bogʻlangan.

Umuman aytganda, Yangi Toshkent “aqlli” va “bogʻ shahar” boʻlishi nazarda tutilmoqda. Maʼmuriy markazda davlat idoralari, Yangi Oʻzbekiston universiteti, kutubxona, tarix muzeyi, madaniyat saroylari joylashadi. Shuningdek, shaharda ishbilarmonlik va innovatsiya tumanlari, taʼlim, tibbiyot va turizm klasterlari boʻladi. 420 gektar maydonda markaziy bogʻ, mavzelar orasida sunʼiy kanal va koʻllar, Chirchiq va Qorasuv daryolari boʻyida sayilgohlar tashkil qilinib, odamlarning dam olishi uchun soʻlim sharoitlar yaratiladi. “Toshkentning yashil belbogʻi” loyihasi shu joydan boshlanadi.

Bu komponentlar loyihasi Singapur, Angliya, Xitoy, Germaniya, Turkiya, Niderlandiya, Janubiy Koreya, BAA kabi davlatlarning 20 ta ilgʻor kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilmoqda. Davlatimiz rahbari infratuzilma tarmoqlarini ilgʻor standartlar bilan uygʻunlashtirish zarurligini taʼkidladi.

 

- Oʻttiz ikki yillik mustaqil tariximizda birinchi marta bunday shahar qurayapmiz, bunga dunyodagi ilgʻor kompaniyalarni jalb qilayapmiz. Lekin bizdagi sohalar, standartlar shunga mosmi, — deya savol qoʻydi Shavkat Mirziyoyev. — Ular zamonaviy loyihalar bilan hamohang boʻlishi kerak. Shuning uchun qurilish, energetika, kommunal, ekologiya, irrigatsiya, transport kabi hamma tegishli sohalardagi qonunlarni, standartlarni jahonning eng yuqori talablariga muvofiq takomillashtirish zarur.

 

Prezident Bosh reja asosida yil yakuniga qadar batafsil loyihalash ishlarini yakunlash, birinchi bosqich inshootlari boʻyicha loyihachi va quruvchi korxonalarni aniqlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

 

- Nima uchun bu loyihani shoshmasdan, qayta-qayta koʻryapmiz? Bu shahar yuz yillab xalqqa xizmat qilishi kerak. Odamlar birinchi oʻrinda boʻlishi, kelajakdagi qurilishlar ham inobatga olinishi zarur. Birinchi bosqich mukammal qurilsa, maktab boʻladi, — dedi davlat rahbari.

 

Boʻlajak binolar va infratuzilma ekspluatatsiyasini hozirdan oʻylash, bu boʻyicha mutaxassislar tayyorlash zarurligi taʼkidlandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//