Ijara shartnomalarini hisobga qoʻyish tartibi qanday?

Saqlash
16:31 / 05.09.2023 1391 0

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 14-avgustda qabul qilingan “Oliy taʼlim muassasalari talabalarini turar-joy bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida«gi qaroriga muvofiq, joriy yildan birinchi kursga qabul qilingan talabalarni yotoqxonalarga joylashtirish onlayn tarzda amalga oshiriladi. 2024-2025 oʻquv yilidan boshlab, bu tartib barcha kurs talabalari uchun qoʻllaniladi.


Yangi tizim oldingi yillarda kuzatilgan bir qator muammolarni bartaraf etgan holda talabalarga qulayliklar beradi. Xususan, endi talaba makon va zamon tanlamasdan, kunning istalgan vaqtida yotoqxona olish uchun murojaat qilishi mumkin. Ariza topshirishda ortiqcha qogʻoz hujjat talab etilmaydi. Hujjatlarni qabul qilishda inson omili ishtirok etmaydi. Navbat kutishga ham hojat yoʻq – 10 daqiqada onlayn murojaat qilish mumkin.

Talaba oʻz arizasini onlayn kuzatib boradi. Shu tariqa talabalar yotoqxonaga joylashadi.

Hukumatning tegishli qarori bilan ijarada yashovchi talabalarga ijara toʻlovining bir qismini qoplab berish tartibi ham soddalashtirildi. Bunda talabalarga oylik ijara toʻlovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qatʼi nazar Toshkent shahrida – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (330 ming soʻm), qolgan hududlarda – bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari (165 ming soʻm) miqdorida toʻlanishi belgilab qoʻyildi.

Bundan tashqari, ijara toʻlovining bir qismini qoplash uchun qoʻyiladigan bir qator talablar bekor qilinib, talabgorni aniqlash mezonlarini belgilash vakolati oliy taʼlim muassasasidagi komissiyaga berildi. Bu orqali haqiqatda ijaraga ehtiyojmand boʻlgan talabalarning imtiyozdan foydalanish imkoniyati yanada oshiriladi. Shuningdek, talabalarga oʻz xonadonini ijaraga beruvchilarning mazkur faoliyatdan olgan daromadlari soliqqa tortilmaydi.

Yana bir qulaylik. Xabarda qayd etilishicha, ijara.soliq.uz sayti orqali koʻchmas mulk ijara shartnomalarini 2 xil usulda hisobga qoʻyish mumkin. Bunda ijaraga beruvchi saytdan “Talabalar ijarasi” boʻlimini tanlab “Ijaraga oluvchi talaba toʻgʻrisida maʼlumot” oynasiga ijaraga oluvchi talabaning JSHSHIRni kiritganda uning maʼlumotlari (F.I.O, taʼlim olayotgan oʻquv yurti, fakulteti, taʼlim shakli va bosqichi, shuningdek doimiy roʻyxatga olingan manzili) avtomatik shakllanadi. Keyingi jarayonda “Qoʻshish” tugmasi orqali talaba bilan birga turgan boshqa talabalar dasturga kiritiladi.

Soʻngra “Telefon raqami” qatoriga ijaraga oluvchi talabaning telefon raqami kiritilib, “Tasdiqlash kodini yuborish” tugmasi bosiladi. Talabaning telefoniga SMS orqali kelgan 5 xonali raqam “Tasdiqlash kodi” qatoriga yozilib “Tasdiqlash” tugmasi bosiladi.

“Soliq” mobil ilovasining “Ijaraga berish” undan soʻng “Talabalar uchun ijara shartnoma” boʻlimi orqali talabalar bilan tuzilgan koʻchmas mulk ijara shartnomalari hisobga qoʻyiladi.

Ilovaga ijaraga beruvchi jismoniy shaxs tomonidan talabaning shaxsiy identifikatsiya raqami kiritilganda uning maʼlumotlari avtomatik shakllanadi. Talabalar FACE ID yoki telefon raqamiga SMS orqali keladigan 5 xonali raqamni kiritish orqali ijara shartnomasini tasdiqlashi mumkin.

Talabalar bilan tuzilgan ijara shartnomalari hisobga qoʻyilganda ushbu maʼlumotlar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bazasida shakllanadi. Bu esa oylik ijara toʻlovining bir qismini qoplab berishda oliy oʻquv yurtlariga qulaylik yaratadi.

Maʼlumot oʻrnida: soliq toʻlovchining uy-joylarni talabalarga ijaraga berishdan olgan daromadlari soliqdan ozod etilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//