“Margʻilon adrasi”, “Qoʻqon pichoqlari”, “Gʻijduvon shashlik” – Adliya vazirligi geografik koʻrsatkichlar va ulardan foydalanish boʻyicha tushuntirish berdi

Saqlash
16:27 / 04.09.2023 1018 0

Adliya vazirligi qonunchilikda geografik koʻrsatkichlarni tartibga solish tizimi boʻyicha tushuntirish berdi. 

 

Vazirlikka koʻra, mamlakatimizda geografik koʻrsatkichlar 2022-yil 3-martda qabul qilingan “Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida»gi Qonun bilan tartibga solinadi.


Vazirlik xorijda geografik koʻrsatkichlar va tovar kelib chiqqan joy nomlari roʻyxatdan oʻtkazilgandan hudud va mahsulotlarni eslatgan. Masalan, Ispaniyada birgina goʻsht boʻyicha 16 ta geografik koʻrsatkich, Gruziyada esa vino boʻyicha 20 ga yaqin geografik koʻrsatkichlar roʻyxatdan oʻtkazilgan.
Chet eldagi geografik koʻrsatkichlarga misol qilib “Switzerland” yoki “Swiss” (soatlar), “Feta” (pishloq), “Gorgonzola” (pishloq), “Mozarella di Bufala” (pishloq), “Gouda Holland” (pishloq), “Vodka of Finland” (aroq), “Irish Whiskey” (viski), “Scotch Whisky” (viski), “Champagne” (vino), “Kubanskiy kartofel”, “Tulskiy samovar” va boshqalarni koʻrsatish mumkin.


Vazirlikka koʻra, mamlakatimizda hozirgi kunga qadar 5 ta shunday intellektual mulk obyektlari Adliya vazirligidan roʻyxatdan oʻtgan, shu jumladan “Zomin tandir goʻshti”, “Margʻilon adrasi”, “Margʻilon atlasi”, “Qoʻqon pichoqlari” va “Gʻijduvon shashlik”.


“Mahalliy tadbirkorlik subyektlar geografik koʻrsatkich bilan belgilangan mahsulotlarni ishlab chiqarishni muvaffaqiyatli rivojlantirishi mumkin. Sababi Oʻzbekistonning deyarli barcha hududlarida geografik koʻrsatkichlar sifatida roʻyxatdan oʻtkazilishi mumkin boʻlgan noyob mahsulotlar mavjud. “Chust pichogʻi”, “Buxoro gilami”, “Baxmal olmasi”, “Mirzachoʻl qovuni”, “Samarqand noni”, “Qashqadaryo tandir goʻshti”, “Parkent uzumi”, “Qoʻqon gilosi” va shu kabi tovarlar Oʻzbekistondan tashqarida ham ilgaridan mashhur hamda isteʼmolchilar ushbu tovarlarning sifati va nom qozonganligi uchun juda qadrlaydi”, deyiladi vazirlik izohida.

 

Vazirlikning maʼlum qilishicha, roʻyxatdan oʻtgan geografik koʻrsatkichdan foydalanishni istagan tadbirkorlik subyekti belgilangan tartibda (Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Maʼmuriy reglament) Adliya vazirligiga talabnoma topshirishlari mumkin. Albatta bunda tadbirkorlik subyekti ushbu geografik obyektda joylashgan va tegishli tovarni ishlab chiqarayotgan boʻlishi lozim.


Talabnoma Adliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkaziladi va natijasi boʻyicha geografik koʻrsatkichdan foydalanish boʻyicha guvohnoma beriladi hamda guvohnomaning amal qilish muddati uning egasi tomonidan berilgan arizaga koʻra har safar 10 yilga uzaytirilishi mumkin.
Guvohnomaning egasi geografik koʻrsatkichdan qonunga zid boʻlmagan har qanday usulda foydalanishga haqli. Masalan, ishlab chiqarishda, sotishda, koʻrgazmalarda, eksport qilishda, reklamalarda, tegishli hujjatlarda qoʻllaniladi. Bunda geografik koʻrsatkich bilan bir qatorda aylana ichiga olingan, lotin alifbosidagi “GI” harflari tarzidagi ogohlantiruvchi tamgʻa qoʻyilishi mumkin boʻlib, u tovarda yoki uning oʻrovida qoʻllanilgan belgi Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan geografik koʻrsatkich ekanligini bildiradi.


Geografik koʻrsatkichdan qonunga xilof ravishda foydalanilgan yoki u bilan adashtirib yuborish darajasida oʻxshash boʻlgan belgilardan foydalanilgan tovarlar, tovarlarning yorliqlari, oʻrovlari kontrafakt hisoblanadi va qonunda belgilangan tartibda javobgarlik keltirib chiqaradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//