Davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda koʻrsatish tartibi belgilandi

Saqlash
15:28 / 04.09.2023 1004 0

Hukumat qarori bilan Davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.

Reglamentga koʻra, davlat xizmatlari Adliya vazirligining Aloqa markaziga (“Call-markaz”) yoki uning rasmiy veb-saytiga murojaat qilish orqali koʻrsatiladi.

“Call-markaz” orqali soʻrovnomalar soat 09:00 dan 18:00 gacha ish vaqti davomida qabul qilinadi.

Rasmiy veb-sayt orqali sutkaning istalgan vaqtida murojaat qilinishi mumkin.

Davlat xizmatlarini koʻrsatish vaqti Davlat xizmatlari markazlari (vakolatli organ)ning ish vaqti doirasida belgilanadi.

“Call-markaz” masʼul xodimi ariza beruvchi nomidan soʻrovnomani toʻldiradi va soʻrovnomadagi maʼlumotlar tasdiqlangandan soʻng ariza beruvchiga toʻlov invoysini yuboradi.

Soʻng masʼul xodim ariza beruvchi bilan telefon orqali bogʻlanib, soʻrovnomada koʻrsatilgan joyga chiqadi hamda maxsus texnik qurilmalar yordamida (planshet yoki kompyuterga oʻrnatilgan daktiloskopiya, printer va boshqalar) davlat xizmatini koʻrsatadi yoki davlat xizmatlaridan foydalanish uchun ariza yuboradi (soʻrovnomada belgilangan muddatlarda).

Davlat xizmatlarini joyiga chiqqan holda koʻrsatish yoki davlat xizmatlaridan foydalanishga ariza yuborish uchun Toshkent shahrida BHMning 50 foizi, viloyat markazlarida BHMning 40 foizi, tuman (shahar)larda BHMning 30 foizi miqdorida bir martalik toʻlov undiriladi.

Oʻzgalar yordamiga muhtoj qariyalar, sogʻligʻining holatiga koʻra mustaqil harakatlanish imkoniyati cheklangan hamda I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga davlat xizmatlari koʻrsatilganligi uchun toʻlov undirilmaydi.

Shuningdek, ushbu Reglament quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:

milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirishga;

Oʻzbekiston fuqarosi, Oʻzbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxsning identifikatsiyalovchi ID-kartasini hamda xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirishga;

jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishga.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//