Siyosat
2023-yil 31-avgust...
“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanasi bo‘lib o‘tdi.
Bayram Prezident Shavkat Mirziyoyevning tabrik nutqi bilan ochildi. Davlatimiz rahbari avvalo yurtdoshlarimizni qutlug‘ sana bilan tabrikladi. Shuningdek, Mustaqillik ne’mati, mamlakatimiz bosib o‘tgan yo‘l, bugungi kun haqiqatlari va yangidan-yangi maqsadlarimiz xususida qimmatli fikrlar bildirdi.
Mamlakatimiz rahbari o‘tgan davrda O‘zbekiston turli sinovlarda toblanib, tajriba orttirib, o‘zining aniq maqsadi va yo‘li, pozisiyasiga ega bo‘lgan katta davlat sifatida shakllanganini ta’kidladi.
– Siz, azizlarning Vatanga mehr va sadoqat bilan qilayotgan har kunlik mehnatingiz O‘zbekiston mustaqilligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shu ma’noda, Istiqlol bayrami – barchamizning bayramimiz, mustaqil O‘zbekiston – barchamizning faxrimiz, iftixorimiz, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, davlat rahbari o‘z nutqida bugun mamlakatimiz oldida turgan muhim masalalarga jamoatchilik e’tiborini tortdi. Ekologiyani asrash, suv, energiya va boshqa tabiiy resurslarni tejaydigan iqtisodiyotga tezroq o‘tish, innovatsion ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish vazifasi dolzarb ekani qayd etildi.
– Hech qachon unutmasligimiz lozimki, tabiiy resurslar – bu kelajak avlodlarimizga ham tegishli bo‘lgan boylikdir. Shu bois, ulardan nafaqat bugungi, balki ertangi kunimizni ham o‘ylab, oqilona foydalanishimiz shart, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Insoniyat oxirgi yillarda qattiq sinovlar bilan yuzma-yuz kelgani, bunda irodasi mustahkam va birlashgan xalqlar barqaror rivojlanishi ta’kidlandi.
– O‘zbekistonning har bir farzandi xalqimizning birdamligi, mamlakat yaxlitligi uchun kurashib yashashni o‘z hayotining ma’nosi deb bilmog‘i kerak! Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – vatanmiz, – dedi Prezident.
Xalqimiz hamisha tinchlik tarafdori bo‘lib kelgani, olis va yaqin mamlakatlar bilan do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari rivojlantirilishiga urg‘u berildi.
Oldindagi vazifalar qanchalik ulkan va murakkab bo‘lmasin, ularni elimiz birgalikda hal etishga qodir ekani ta’kidlandi.
– Tarixdan ma’lum: vaqtni – imkoniyatga, imkoniyatni – yutuqqa, yutuqni taraqqiyot poydevoriga aylantira olgan xalq – buyuk xalqdir. Bugun mehnatkash, mard va olijanob, mehr-oqibatli elimiz ayni shunday xalq bo‘lib maydonga chiqmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz bu yo‘lda fidokorona mehnat qilib kelayotgan yurtdoshlarimizga, butun xalqimizga minnatdorlik bildirdi.
– Barcha yutuq va g‘alabalarimizning ijodkori va bunyodkori bo‘lgan xalqimiz hamisha omon bo‘lsin! Go‘zal yurtimizda tinchlik va osoyishtalik bardavom bo‘lsin! Jonajon Vatanimizga ko‘z tegmasin! Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin, – deya so‘zini yakunladi Prezident.
Bayram katta konsert dasturi bilan davom etdi.
Unda erksevar ajdodlarimiz orzusi, bugungi ozodlik shukuhi, xalqimizning kelajakka ishonchi va umidlari ifodalandi.
Mamlakatimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan mard o‘g‘lonlar xotirasi yodga olindi.
Mumtoz kuy-qo‘shiqlarda xalqimizning boy san’ati va qadriyatlari, folklor-etnografik jamoalarning chiqishlarida O‘zbekiston turli madaniyatlarni birlashtirgan makon ekani yorqin namoyon bo‘ldi.
Tantanali tadbir televideniye va internet orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etildi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q