“Goʻyoki oʻzim ham mukofot olgandek xursand boʻlib turibman” – Shavkat Mirziyoyev davlat mukofotlarini oʻz egalariga topshirdi

Saqlash
22:20 / 30.08.2023 2514 0

Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmonlariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻttiz ikki yilligi munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan, chet ellik investorlar “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlangan edi.

30-avgust kuni Koʻksaroyda ushbu mukofotlarni topshirish marosimi boʻldi.

Davlatimiz rahbari marosim ishtirokchilarini avvalo Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, ezgu tilaklarini izhor etdi. Bu davrda mamlakatimiz katta taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtgani, barcha sohalarda oʻzgarishlar boʻlayotgani taʼkidlandi.

 

– Xalq manfaatini taʼminlash, inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan harakatlarni davom ettirish maqsadida “Oʻzbekiston – 2030» strategiyasini ishlab chiqdik. Uning loyihasini muhokamaga qoʻyganimizda 1 milliondan koʻp takliflar kelib tushdi. Bu nimadan dalolat? Xalqimiz befarq emas. Yoʻnalishlarimizni, kamchiliklarimizni koʻrsatib beryapti. Bu biz uchun “yoʻl xaritasi”. Davlatga eng katta hakam – xalq, – dedi Prezident.

 

Bu muhim hujjatda Vatanimiz mustaqilligini va tinchligini asrash, kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, xalqimiz hayotini obod va farovon qilish, farzandlarimizni barkamol etib tarbiyalash vazifalari belgilangan.

 

– Sodda qilib aytganda, bizning maqsadimiz bitta: u ham boʻlsa, Yangi Oʻzbekistonda xalqimiz yayrab ishlaydigan, hayotdan rozi boʻlib, yayrab yashaydigan davlat qurishdan iborat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Buning zamini, avvalo, tinchlik, barqarorlik. Xalqimiz buning qadriga yetib, intilish, mehnat ruhida yashamoqda. Yangi-yangi zamonaviy sanoat korxonalari ishga tushirilmoqda. Ilm-fan, texnologiyalar, xizmat koʻrsatish borasida muhim natijalar qoʻlga kiritilmoqda. 2022-yil yakunlariga koʻra, mamlakatimizning iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichi 5,7 foizni tashkil etdi.

Bugungi kunda yurtimizning barcha hududlarida shinam uy-joylar, yoʻl va koʻpriklar, shifoxonalar, bogʻcha, maktab, madaniyat va sport markazlari bunyod etilmoqda. Tabiat qiyinchiliklariga qaramasdan, qishloq xoʻjaligi ekinlaridan moʻl hosil olinib, oziq-ovqat xavfsizligini, xalqimiz dasturxoni toʻkinligini taʼminlashga erishilmoqda.

Shular haqida gapirar ekan, Prezidentimiz ulugʻ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning “Bu dunyoda insonlarning dard-u tashvishlarini oʻylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir”, degan soʻzlarini keltirdi.

Buning ifodasini aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga, jumladan, keksa avlod vakillari, ayollar va yoshlarga gʻamxoʻrlikda yaqqol koʻrish mumkin. Kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash, sifatli taʼlim berish, zamonaviy kasb-hunarlarga oʻrgatish, infratuzilmani yaxshilash hisobidan respublikamizda kambagʻallik darajasi sezilarli pasaymoqda.

Davlatimiz rahbari mahallalardagi ishlarni, odamlarning faolligini qayd etdi.

 

– Biz birinchi kundan xalq ichiga kirib boryapmiz. Koʻp tizimlarni mahallaga tushiryapmiz. Nimaga? Mahalla – davlatchiligimizning zamini. Agar 9 ming 400 ta mahalla tinch boʻlsa, yurtimiz tinch boʻladi. Investitsiya ham, taʼlim-tarbiya, qurilish, obodonlashtirish ham mahallada boʻlsa, qanday oʻzgarish boʻladi?! Mana, “Ochiq byudjet” orqali odamlar oʻz muammosini olib chiqib, ovoz berib, oʻzi nazorat qilyapti. Shuning uchun mahalla tizimini rivojlantirish boʻyicha ishlarimizni qatʼiy davom ettiramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Prezident marosimga yigʻilganlarni nomma-nom tilga olib, davlat mukofotlari bilan tabrikladi. Ularni Yangi Oʻzbekistonning chinakam bunyodkorlari sifatida qadrlashini taʼkidlab, fidokorona mehnati, yosh avlodga ibrati uchun minnatdorlik bildirdi.

 

– Baxt nima oʻzi? Farzandlar bagʻrida sogʻ-salomat yurish, oilada, el-yurtda aziz boʻlish, halol qilgan mehnatingning qadrini koʻrish. Butun xalqimiz sizlar bilan faxrlanadi, sizlarga havas bilan qaraydi. Ilohim, mana shunday obroʻ, mana shunday hurmat-eʼtibor sizlarni hech qachon tark etmasin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Shundan soʻng, mukofotlanganlarga faxriy unvon, orden va medallar tantanali ravishda topshirildi.

Maʼlumki, milliy oʻzligimizni anglash nuqtayi nazaridan, Prezidentimiz tashabbusi bilan “Imom Buxoriy” ordeni taʼsis etilgan. Yurtimiz va mintaqamizda muqaddas islom dinini asrash, ilmiy merosni oʻrganish va musulmonlarga yetkazish yoʻlida maʼnaviy jasorat koʻrsatib yashagan ikki buyuk vatandoshimiz, marhum muftiylar – shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hamda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangan edi. Tadbirda ularning farzandlariga ushbu tabarruk nishon topshirildi.

El-yurtimizda hurmatga sazovor nuroniylar, davlat xizmatchilari, olim va pedagoglar, tadbirkorlar, sanoatchilar, ijodkor va sanʼatkorlar, harbiylar, sportchi va murabbiylar mukofotlarni qabul qilib oldi.

Prezidentimiz ularni tabriklab, samimiy dil soʻzlari va tilaklarini aytdi.

 

– Bugun men sizlarning ochiq chehrangiz, baxtiyor koʻzlaringizni, sizlardagi baland ruhni koʻrib, ochigʻini aytsam, goʻyoki oʻzim ham mukofot olgandek xursand boʻlib turibman. Niyatim: koʻksingizga yarashib turgan mana shu yuksak unvon va nishonlar sizlarga yangi-yangi kuch-gʻayrat baxsh etsin, – dedi Prezident.

 

Mukofotlanganlar yuksak eʼtibor uchun minnatdorlik bildirib, xalqimizga ezgu tilaklar bildirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//