Jamiyat
“Gʻijduvon shashlik” Adliya vazirligi tomonidan geografik koʻrsatkich sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Bu haqida vazirlik xabar qildi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi “Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga koʻra, tovarni muayyan geografik obyekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgi geografik koʻrsatkich deb eʼtirof etilib, unda tovarning sifati, nom qozonganligi yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bogʻliq boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi geografik koʻrsatkichlarni huquqiy jihatdan muhofaza qilish sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Buxoro viloyat adliya boshqarmasining koʻmagi bilan joriy yilning 24-avgust kuni “Gʻijduvon shashlik” geografik koʻrsatkich sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Buxoro viloyatida birinchi boʻlib davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan ushbu geografik koʻrsatkichdan foydalanish huquqini tasdiqlovchi guvohnoma uning egasi, yaʼni Gʻijduvon tuman hokimligiga guvohnomada koʻrsatilgan tovar turiga nisbatan foydalanish huquqini beradi.
Mazkur geografik koʻrsatkich guvohnomasi viloyat adliya boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Sh.Bahronov tomonidan davlatimiz mustaqilligining 32 yillik bayrami tadbirlari doirasida Gʻijduvon tuman hokimi Sh.Ashurovga tantanali ravishda topshirildi.
Tuman hokimi Sherzod Ashurovning maʼlum qilishicha, endi boshqa hududlardagi kabobchilar Gʻijduvon kabobini sotish uchun tuman hokimligi ruxsatini olishi kerak.
“Hindiston Oyga oʻzining kosmik kemasini joʻnatdi. Biz gʻijduvonliklar, albatta, Oyga yetib boramiz. Oʻsha yerda Gʻijduvon shashliklarini pishiramiz”, — dedi u.
Adliyaning eslatishicha, muayyan tovarning geografik koʻrsatkich sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi jismoniy va yuridik shaxslarga qoʻshimcha majburiyatlarni yuklamaydi, geografik koʻrsatkichlarni huquqiy jihatdan muhofaza qilish va ulardan foydalanish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q