Prezident yangilangan Respublika bolalar kutubxonasiga bordi

Saqlash
14:13 / 30.08.2023 2758 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev yangilangan Respublika bolalar kutubxonasini borib koʻrdi.

1907-yilda qurilgan tarixiy bino restavratsiya qilinib, zamonaviy jihozlandi.

Kutubxona oʻzbek va jahon bolalar adabiyotiga oid 180 ming kitob fondiga ega. Zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanilayotgani xodimlar ishini yengillashtirib, kitobxon bolalarga qoʻshimcha qulaylik yaratgan. Jumladan, tashrif buyuruvchilar maxsus ID-karta oladi. U orqali kitobxonlarni roʻyxatga olish, kitob olish va topshirish jarayonlari elektron tarzda tashkil etiladi.

Elektron kutubxonani rivojlantirish, video va audio resurslar fondini boyitish, foydali veb-kontentlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Audio kitoblarni tinglash xonasi tashkil etilgan.

Prezident ushbu sharoitlarni koʻzdan kechirdi, kitob oʻqiyotgan va chet tillarini oʻrganayotgan bolalar bilan muloqotda boʻldi.

Davlatimiz rahbari kutubxonani maktablar bilan samarali bogʻlab, 180 ming kitob fondidan ularni bahramand qilish, bu yerga koʻproq yoshlarni jalb etish zarurligini taʼkidladi.

Muassasada xalqaro konferensiya, seminar va boshqa tadbirlarni ham bevosita, ham onlayn oʻtkazish imkoni yaratilgan. Hudud obodonlashtirilib, yangi qiyofaga kirgan. Moʻjazgina amfiteatr tashkil etilgan.

Kutubxonaga avtotransport ajratish, yangi kitoblar sotib olish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//