Qoʻyliqdan Sergeligacha boʻlgan yerusti metrosi qurib bitkazildi

Saqlash
14:02 / 30.08.2023 2452 0

Prezident ushbu transport inshootini borib koʻrdi, jamoatchilik vakillari bilan birga metroda yurdi.

 

– 2017-yilda bu loyihani boshlaganimizda ishonmaganlar ham boʻlgan edi. Mana, Xudoga shukur, yerosti va yerusti metro yoʻllari bogʻlanib, halqaga aylandi. Toʻgʻri, ogʻir boʻldi. Lekin xalqimizga xizmat qiladigan, tarixda qoladigan yoʻl bu. Odamlarimiz, farzandlarimiz bunda yurib, davlatdan rozi boʻlsa, niyatimizga yetgan boʻlamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Mazkur ikkinchi bosqich doirasida 12 kilometr estakada yoʻl va 7 ta bekat barpo etilgan. Bu oraliqdagi qatnov vaqti 15 daqiqani tashkil etadi. Bir kunda 40 mingdan ortiq yoʻlovchiga xizmat koʻrsatiladi.

Umuman, bugun Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70 kilometrdan oshdi. Shundan 38 kilometri 1977-yildan keyin bunyod etilgan boʻlsa, oxirgi 7 yilda 32 kilometr metro yoʻli qurildi. Bekatlar soni 50 taga yetdi. Metroda yuruvchi kunlik yoʻlovchilar soni 750 mingga yetishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, joriy yilda poytaxtimizga mingta avtobus olib kelindi. Natijada jamoat transportidan kuniga 1 million 400 ming nafargacha yoʻlovchilar foydalanmoqda. Bu shaxsiy transportlarga ehtiyojni, pirovardida koʻchalarda tirbandlikni kamaytirishda muhim omil boʻlmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//