Jamiyat
Hozirgi kunda koʻp uchraydigan keshbek foiz, foiz olish durustmi? Shunga aniqlik kiritib bersangiz.
Mazkur savolga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi javob berdi.
“Bismillahir Rohmanir Rohim.
Keshbek foiz, foiz shariatimizda harom degan gap notoʻgʻri. Chunki foiz soʻzi moliya sohasiga oid atama boʻlib, ulush, hissa, qism degan maʼnolarni anglatadi. Foiz atamasini juda koʻp oʻrinlarda ishlatamiz. Masalan, “zakotga qodir inson qoʻlidagi molining 2,5 foizini faqirlarga beradi”, deymiz. Bu degani qoʻlidagi molini qirqdan bir ulushini yoki qismini beradi, degani boʻladi. Yoki ikki kishi savdo qilamiz, deb pul tikishdi. Foydani masalan, 50 foizdan, yaʼni 50/50 olamiz, deb kelishadi. Bu kelishuv mumkin emas, deyilmaydi. Yana bir misol: meros taqsimlashda ham mayyitdan qolgan mol mulkni taqsimlashda kimdir 20 foizini, yana kimdir 40 foizini oladi.
Demak, yuqorida keltirilgan misollarga oʻxshagan masalalarda foiz soʻzini ishlatishda hech qanday muammo yoki sharʼiy taʼqiq yoʻq.
Chunki bu ishda gʻarar(aldov) ham, ribo ham topilmaydi. Masalan, Ahmad ismli kishi kiyim sotib olish uchun supermarketga bordi. Supermarketga kirsa, sotuvchi “Kim bizdan bitta kiyim sotib olsa, yana bitta qoʻshib beramiz yoki qilgan toʻlovidan shunchasini qaytib beramiz”, deb eʼlon qildi. Bu narsa halol hisoblanadi.
Hozirgi kundagi islom moliyasi boʻyicha koʻzga koʻringan olim Muhammad Taqiy Usmoniy “Fiqhul buyuʼ” kitobida buni hadya deb atagan:
“Ayrim savdogarlar maʼlum miqdorda mahsulotlarini sotib olgan xaridorlarga mukofot, bonus berish odati joriy boʻlgan. Bu mukofotlarni gohida qurʼa tashlash yoʻli orqali beradi. Savdogar bu ishni qilishdan maqsadi odamlar uning mahsulotni koʻproq sotib olishlari uchun qiziqtirish maqsadida qiladi. Bu savdogar tomonidan vaʼda qilingan inʼom, hadya hisoblanadi”.
Keshbek haqida Hindiston Dorul ulum fatvo markazida quyidagicha savol-javob keltirilgan:
Savol: “Masalan, biror narsani onlayn sotib olinganda keshbek beriladi. Bu joizmi?».
Javob: “Bu pullar ragʻbatlantiruvchi mukofot boʻlib, olish joiz”.
Xulosa qiladigan boʻlsak, turli ilovalar orqali beriladigan gʻarar (aldov) va ribo aralashmagan keshbekni mukofot yoki bonus, deb tushunsa boʻladi va buni olish joiz. Vallohu aʼlam”, deyiladi xabarda.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q