Oʻzbekistonda 4 ming tonnadan ziyod sifatsiz benzin sotilayotgani aniqlandi

Saqlash
01:34 / 26.08.2023 1946 0

Oʻzbekiston boʻylab katta miqdorda talabga javob bermaydigan benzin sotilayotgani maʼlum boʻldi. Bu haqda “Oʻzbekneftgaz” AJ axborot xizmati xabar berdi.

 

Joriy yilda kelib tushgan murojaatlar asosida “Oʻzenergoinspeksiya” xodimlari tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlarga asosan Kuchlik neft bazasi (73,2 tonna), Navoiy neft bazasi ( 38,7 tonna), Urganch neft bazasi (2,072 ming tonna) va Buxoro neft bazasi (1,86 ming tonna) MCHJlarida saqlanayotgan avtobenzin sifati davlat standarti talablariga javob bermasligi aniqlangan. Bu hududlardagi neft baʼzilarida avtobenzin tarkibidagi qatron (smola) va oltingugurt (sera) miqdori belgilangan meʼyordan yuqori hamda bir holatda (“Navoiy neft bazasi” MCHJ) oktan soni meʼyoridan pastligi aniqlangan. Jami aniqlangan sifatsiz mahsulotlar miqdori 4,044 ming tonnani tashkil etgan.

 

Shuningdek, xabarda aytilishicha, Kuchlik (73,2 tonna) va Navoiy (38,7 tonna) neft bazalarida aniqlangan sifatsiz neft mahsulotlari tegishli normalar asosida oʻrnatilgan tartibda tiklanib, isteʼmolchilarga sifatli tarzda yetkazib berilgan. Shundan soʻng neft mahsulotlarining sifati boʻyicha isteʼmolchilardan eʼtirozlar boʻlmagan.

 

“Urganch neft bazasi” MCHJ va uning Shovot hamda Xonqa filiallarida (2,072 ming tonna) aniqlangan sifatsiz avtobenzinning 587,0 tonnasi hamda “Buxoro neft bazasi” MCHJ va uning Qorakoʻl filialida (1,86 ming tonna) aniqlangan sifatsiz neft mahsulotlarining 323 tonnasini “Oʻzenergoinspeksiya”ning majburiy koʻrsatmasiga asosan, oʻrnatilgan tartibda sifati tiklanib, isteʼmolchilarga yetkazib berilgan. Ushbu mahsulot boʻyicha ham isteʼmolchilardan eʼtirozlar kelib tushmagan. Hozirgi kunda 1,485 ming tonna avtobenzinining sifatini tiklash ishlari davom ettirilmoqda”, deyiladi xabarda.

 

Bundan tashqari, hozirgi kunda 1,537 ming tonna avtobenzinning sifatini tiklash ishlari davom ettirilmoqda. Neft mahsulotlari sifatining buzilishiga yoʻl qoʻygan 4 nafar rahbar va 4 nafar xodim faoliyatiga nisbatan huquqiy baho berilishi kutilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//