Harorat keskin pasayadi – dam olish kunlari kutilayotgan ob-havo maʼlumoti berildi

Saqlash
01:15 / 26.08.2023 1729 0

Yakshanba kuni Oʻzbekiston hududining katta qismida ob-havoning keskin oʻzgarishi kutilmoqda.

 

Ertaga, 26-avgust kuni respublikaning shimoli-gʻarbiy hududlariga Rossiyaning janubiy hududlaridan nam va salqin havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyatida va kunning ikkinchi yarmida Buxoro, Navoiy viloyatlarida baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

 

Respublikaning qolgan hududlarida 26-avgustda quruq ob-havo saqlanib turadi, harorat 33-36 daraja boʻladi.

 

27-28-avgust kunlari nam va salqin havo massalari kirib kelishi Oʻzbekistonning barcha hududlarini qamrab oladi. Barcha joylarda bulutlilik kuchayishi kutilmoqda, respublikaning koʻpchilik viloyatlarida baʼzi joylarda vaqti-vaqti bilan momaqaldiroq bilan yomgʻir yogʻadi. Kunduzgi havo harorati 23-28 darajagacha pasayadi. Kechasi va ertalab havo biroz salqinlashadi. 28-avgustga kelib, kechasi harorat 13-16 darajagacha pasayadi.

 

Ushbu kunlarda shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, baʼzi joylarda 23-25 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʻzon bilan kuzatilishi mumkin.

 

Respublikaning togʻ oldi va togʻli hududlarida ob-havoni oʻzgarishi sezilarli boʻladi, bu hududlarda 27-28-avgust kunlari baʼzi joylarda kuchli yomgʻirlar yogʻib oʻtadi.

 

Kutilayotgan kuchli yomgʻirlar yogʻishi hisobiga respublikaning togʻ oldi va togʻli hududlarida 27-29-avgust kunlari sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

 

Poytaxtimizda 26-avgust kuni havo asosan biroz bulutli boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 5-10 m/s tezlikda esadi. Harorat 26-avgustda kechasi 22-24 daraja, kunduz kuni 34-36 daraja boʻladi.

 

27-avgust kechasi vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

 

28-avgust kuni ertalab biroz yomgʻir yogʻishi mumkin, kunduzi yogʻingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 5-10 m/s tezlikda esadi. Harorat kechalari 14-16 darajagacha, kunduz kunlari 24-26 darajagacha pasayadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//