Musulmonlar idorasi Isoqjon domlani ishdan oldi

Saqlash
22:17 / 25.08.2023 1975 0

Toshkent shahridagi “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi Isʼhoqjon Begmatovning soliqlar va keshbek ilovalari xalqqa, savdogarlarga zulm qilayotgani toʻgʻrisidagi maʼruzasi keskin munozaralarga sabab boʻldi. Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston musulmonlar idorasi munosabat bildirdi.

 

“Taʼkidlash kerakki, Isʼhoqjon Begmatovning mazkur qarashlari Oʻzbekiston musulmonlari idorasi munosabatini mutlaqo ifoda etmaydi, balki uning oʻzboshimchalik ila aytgan shaxsiy fikridir. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi tomonidan ushbu faoliyat turi batafsil oʻrganilib, keshbek kabi ilovalar orqali kelib tushadigan mablagʻ, mukofot yoki bonus joizligi haqida avvallari ikki marta fatvo berilgan. Bunda gʻarar (aldov) va ribo aralashmasligi shart qilingan”, deyiladi munosabatda.

 

Soliq iqtisodiyot asoslaridan biri boʻlib, ijtimoiy himoya, xayriya ishlari, bogʻcha, maktab, mudofaa kabi aholi uchun zarur obyektlarni moliyalashtirish, shuningdek, yoʻl, koʻprik va shifoxona singari koʻpchilikka muhim inshootlarni qurish hamda pensiya, nafaqalar soliq tushumlari hisobidan amalga oshiriladi.

 

Soliqlar har bir zamon va makonda mavjud boʻlgan. Islom dinida ixtiyoriy xayriyalarga hadya, sadaqa kabilar kirsa, majburiylari qatoriga zakot, ushr, fitr sadaqa, fidya va jizya kabilar kiradi. Islom tarixida ham mana shunday yigʻimlar hukumat ishlarini yuritish, yordamga muhtojlarni qoʻllab-quvvatlash, xavfsizlikni taʼminlash, koʻprik va shu kabi insonlarga manfaat keltiradigan inshootlarni barpo etishga sarflangan.

 

Shuningdek, munosabatda aytilishicha, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi diniy soha xodimlarini qonunchilik talablariga hurmat bilan yondashishga muntazam chaqirib kelgan. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan avval ijroga yoʻnaltirilgan hujjatlarda imom-domlalar amaldagi qonunchilik talablariga rioya etishlari, mehnat majburiyatlariga amal qilishlari hamda munozaraga sabab boʻluvchi chiqishlar qilmasliklari qatʼiy belgilab qoʻyilgan.

 

“Afsuski, Isʼhoqjon Begmatov mazkur chiqishida meʼyoriy hujjatlar talablarini buzib, ushbu yoʻnalishdagi buyruqlar, ichki tartib qoidalar hamda mehnat majburiyatlariga amal qilmagani maʼlum boʻldi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ichki nazorat komissiyasi shu yil 25-avgust kuni Toshkent shahridagi “Imom Termiziy” jome masjidi imom-xatibi Isʼhoqjon Begmatov xatti-harakatini koʻrib chiqadi”, deya qoʻshimcha qilingan bayonotda.

 

Koʻp oʻtmay idora Isoqjon Begmatovning imom-xatib vazifasidan ozod etilgani haqida xabar berdi. 

 

Qayd etilishicha, ichki nazorat komissiyasi avval ham ushbu imom-xatibning chiqishlarini bir necha bor koʻrib chiqib, uni jiddiy ogohlantirgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//