O‘zbekistonda vatan uchun halok bo‘lganlarning farzandlari bog‘cha va maktab-internatlar pulidan ozod qilindi

Saqlash
00:11 / 25.08.2023 1310 0

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi va Iqtisodiyot va moliya vazirligining qo‘shma qarori bilan Maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktab-internatlardagi bolalar taʼminotiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

 

Xususan, boquvchisini yo‘qotgan ayollarning farzandlari, shuningdek, vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yo‘lida yaralangani, kontuziya yoki mayib bo‘lgani oqibatida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning farzandlari kvotadan qat’iy nazar ota-onalar to‘lovidan ozod qilinishi to‘g‘risida qo‘shimcha kiritilmoqda.

To‘lovdan ozod qilinadigan bolalar ro‘yxati quyidagi tasdiqlovchi hujjatlar asosida shakllantiriladi:

kam taʼminlangan oilalarning farzandlari uchun “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali berilgan oila kam taʼminlangan deb eʼtirof etilganligi to‘g‘risidagi maʼlumotnoma;


boquvchisini yo‘qotgan ayollarning farzandlari uchun (quyidagi tasdiqlovchi hujjatlardan biri taqdim etilishi mumkin):


boquvchisini yo‘qotgan ayol boquvchisining o‘lim haqidagi guvohnomasi;


boquvchisining bedarak yo‘qolgan deb topish to‘g‘risidagi sudning hal qiluv qarori;


o‘lim holati fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida qayd qilinganligi haqida tibbiyot muassasalari tomonidan berilgan QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan maʼlumotnoma;


davlat xizmatlari markazi orqali berilgan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida o‘lim qayd etilganligi haqida maʼlumotnoma;


vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo‘lganligi oqibatida halok bo‘lgan harbiy xizmatchi yoki xodimning o‘lim haqidagi guvohnomasi.


Hujjat qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2023-yil 22-avgustdan kuchga kirgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//