“Turkiston taraqqiyparvar jadidlari: yangi siymolar” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi

Saqlash
22:36 / 24.08.2023 1046 0

Bugun Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi bilan hamkorlikda 31-avgust – “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni” hamda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” bosh g‘oyasi ostidagi ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot ishlari rejasi doirasida “Turkiston ma’rifatparvar jadidlari: yangi siymolar” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir hamda shu nomli foto va buyumlardan iborat ko‘rgazmaning ochilishi marosimi bo‘lib o‘tdi.



 

Ushbu tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi rahbar va xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi, Toshkent shahridagi kutubxonalarning mas’ul xodimlar, “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyati a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining serjant va ofitserlari hamda kursantlari, O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyi, Alisher Navoiy nomli milliy kutubxona xodimlari hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Toshkent shahar bo‘limlarining rahbar va xodimlari mehmonlari tinglovchi sifatida tashrif buyurdilar.



 

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, t.f.d., professor Baxtiyor Hasanov kirish so‘zi bilan ochib berdi.



 

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori o‘rinbosari, filologiya fanlari nomzodi Shuhrat Rizaev, O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimi “Do‘stlik” ordeni sohibi, taniqli shoir Abdulmajid Azimlar tomonidan Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuning ahamiyati, jadid taraqqiyparvarlarining ibratli hayot yo‘li va bebaho merosi xususida fikr bildirdilar.



 

Shuningdek, tadbirda ma’ruzachi sifatida ishtirok etgan ustozlar Mustaqillik yillarida tarixiy adolatning tiklanishi, qatag‘on qurbonlari xotirasining abadiylashtirilishi, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish Vatanimiz istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi, kelajak avlodlarning tinch va farovon hayotini ta’minlash yo‘lida mardona kurash olib borib aziz jonlarini fido qilgan, mustabid tuzum davrida qatag‘on qilingan ajdodlarimiz xotirasini tiklash, ularning faoliyati va merosini o‘rganish hamda targ‘ib etish borasida yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida keng ma’lumotlar berib o‘tdilar.


Darhaqiqat, har bir millat va elatning o‘z tarixi bor. Tarix zamirida esa milliy o‘zlikni anglash, qadriyatlarga hurmat, ajdodlar xotirasiga ehtirom tuyg‘usi mujassam. 

 

Yurtimizda har yili 31-avgust – “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni” sifatida keng nishonlab kelinishi, “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi barpo etilganligi, “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamda hududlardagi oliy ta’lim muassasalari qoshida uning bo‘limlari tashkil etilgani, shuningdek, qatag‘on qurbonlari bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Ishoqxon Ibrat, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy kabi ulug‘ ma’rifatparvar ajdodlarimiz xotirasiga bag‘ishlangan muhtasham haykallar, muzeylar bunyod etilgani, ijod maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, siyosiy qatag‘on yillarida nohaq qurbon bo‘lgan yurtdoshlarimizning nomlarini aniqlash, ularning qoldirgan merosini o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlari, badiiy va hujjatli asarlar yaratilayotganligi haqida batafsil ma’lumotlar berib o‘tdi, deydi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori Baxtiyor Hasanov.

 

Aytish mumkinki, el-yurtimiz ozodligi va erkinligi yo‘lida, xalqimizning qadr-qimmati, or-nomusini, milliy an’analarimiz va urf-odatlarimizni himoya qilishda, bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda qurbon bo‘lganlar xotirasi minnatdor avlodlar yodida abadiy saqlanib qoladi. Mustabid tuzum davrida million-million begunoh insonlarning umri xazon bo‘lganini, qancha-qancha oilalar xonavayron bo‘lib, qancha-qancha go‘daklar yetim qolganini tarix, bugungi va kelajak avlod hech qachon unutmaydi. Bugungi o‘tkazilgan tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shu edi.



 

Tadbir jarayonida muzeyda Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tomonidan tayyorlangan “Turkiston taraqqiyparvar jadidlari: yangi siymolar” foto ko‘rgazmasi ochildi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining F-5598-sonli farmoyishi asosida nashr qilingan kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.
 



Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//