BMTda Oʻzbekistonning yangi vakili ish boshladi

Saqlash
02:12 / 24.08.2023 1203 0

Kecha, 22-avgust kuni Nyu-Yorkda Oʻzbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi yangi doimiy vakili Ulugʻbek Lapasov BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Uchrashuvda Antoniu Guterrish Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshgan salmoqli hissasi alohida qayd etilgan.

Shuningdek, tomonlar Oʻzbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti oʻrtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, BMT orqali boʻlajak oliy darajadagi qoʻshma tadbirlar jadvalini muhokama qilgan.

Maʼlumot uchun, Ulugʻbek Lapasov 1982-yilning 14-oktyabrida Samarqand shahrida tugʻilgan. 2000 - 2005-yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bakalavriat bosqichini, 2005 - 2006-yillarda Fransiyadagi Jean Moulin Lyon 3 universitetining magistraturasini tamomlagan. 2018-yildan Oʻzbekiston Respublikasining Birlashgan millatlar tashkiloti Jenevadagi boʻlimi va boshqa xalqaro tuzilmalardagi doimiy vakili, 2022-yildan BMTning inson huquqlari kengashi vitse-prezidenti boʻlib ishlagan.

Ulugʻbek Lapasov Nyu-Yorkda 2017-yil may oyida Oʻzbekistonning BMTdagi (Nyu-York) doimiy vakili etib tayinlangan Baxtiyor Ibrohimov oʻrnini egalladi. 2019-yilning iyun oyida BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasida Oʻzbekiston birinchi marta navbatdagi sessiya raisi oʻrinbosari etib saylangan. Baxtiyor Ibrohimov 2019-yil sentyabrdan 2020-yil sentyabrgacha shu vazifani bajargan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//