Yangi oʻquv yilida qancha abituriyent talabalikka tavsiya etilgani maʼlum qilindi

Saqlash
00:23 / 24.08.2023 1077 0

2023-2024 oʻquv yilida 193 421 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etildi. Shundan 42 655 nafari davlat granti, 150 766 nafari toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan. Bu haqda yangi oʻquv yili uchun test sinovlari yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

 

Bugun, 23-avgust kuni Bilim va malakalarni baholash agentligi oʻtkazgan matbuot anjumanida 2023-2024 oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish test sinovlari yakunlari boʻyicha maʼlumot berildi. Maʼlum boʻlishicha, bu yil test sinovlarida unda ishtirok etishi belgilangan 948 mingdan ziyod abituriyentdan 888 660 nafari ishtirok etdi, 59 831 nafari esa ishtirok etmagan.

 

Test natijalariga koʻra 193 421 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etildi. Shundan 42 655 nafari davlat granti, 150 766 nafari toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan. Bunda:

 

− davlat granti asosida oʻrtacha ball – 119,3 ballni;

 

− toʻlov-kontrakt asosida oʻrtacha ball – 93,3 ballni tashkil etdi.

 

Talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarni taʼlim shakllari kesimida koʻradigan boʻlsak, 129 927 nafar abituriyent kunduzgi taʼlim shakliga, 49 852 nafar abituriyent sirtqi taʼlim shakliga, 10 752 nafar abituriyent kechki taʼlim shakliga va 2 890 nafar abituriyent masofaviy taʼlim shakliga tavsiya etilgan.

 

Abituriyentlarning 180 ming nafarga yaqini umumiy qabul parametrlari doirasida talabalikka tavsiya etilgan boʻlsa, 13,5 ming nafarga yaqini imtiyozga ega abituriyentlar uchun ajratilgan qoʻshimcha qabul parametrlari doirasida tavsiya etilgan. Jumladan:

 

− nogironligi boʻlgan shaxslar – 3,5 ming nafar;

 

− “Mehribonlik” uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari boʻlgan chin yetimlar, SOS — bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar – 261 nafar;

 

− muddatli harbiy xizmatni oʻtab, harbiy qism qoʻmondonligining tavsiyanomalariga ega boʻlganlar – 4,2 ming nafar;

 

− harbiy xizmatchilarning farzandlari – 2,1 ming nafar;

 

− ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari – 720 nafar;

 

− ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar – 1,9 ming nafar;

 

− kamida 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar – 351 nafar.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//