Ekologik auditorga malaka sertifikati berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatiladi

Saqlash
20:33 / 22.08.2023 1140 0

Hukumat qarori bilan Ekologik auditorning malaka sertifikatini berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.

Qarorga muvofiq, ekologik auditorning malaka sertifikatini berish uchun malaka imtihonini tashkil etish, sertifikatni berish, ekologik auditorlar va ekologik auditorlik tashkilotlarining reyestrlari yuritish boʻyicha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi vakolatli organ hisoblanadi.

Maʼmuriy reglamentga koʻra, malaka sertifikatini berish boʻyicha xizmatlar davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali koʻrsatiladi.

Buning uchun talabgor:

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasiga oid (biolog, geolog, gidrolog muhandis, yer geodeziya va kartografiyasi muhandisi, shuningdek, suv, atmosfera, yer va yer osti boyliklari muhofazasi mutaxassisliklari) oliy maʼlumotli;

sohada yoki turdosh sohalarda ketma-ket kamida 3 yillik ish tajribasiga ega boʻlishi kerak.

Vakolatli organ murojaat kelib tushgan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida talabgorga malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki uni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Malaka imtihoni kamida 3 nafar talabgordan iborat guruhning shakllanishiga koʻra, biroq har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi.

Imtihon test koʻrinishida olinadi (jami 50 ta nazariy savol).

Imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan shaxsga ekologik auditor malaka sertifikati berilib, sertifikat 5 yil muddatga amal qiladi.

Talabgorning murojaatini koʻrib chiqish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatilganligi uchun BHMning 1 baravari (330 ming soʻm) miqdorida yigʻim undiriladi.

Reglamentga koʻra shuningdek, ekologik auditorlar har ikki yilda bir marta malaka oshirish kurslaridan oʻtishlari shart.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//