Dengiz chekinsa ham inson chekinmaydi… – “Yangi Moʻynoq” kitob-albomi taqdimoti boʻlib oʻtdi

Saqlash
03:57 / 22.08.2023 1671 1


21-avgust, 2023-yil... Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati hamkorligida Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida “Yangi Moʻynoq” kitob-albomi taqdimoti oʻtkazildi.

 

 

Taqdimotga kirib borganimizda, bizni did bilan terilgan “Yangi Moʻynoq” kitob-albomlari kutib oldi. Bir qarashda hammaning eʼtiborini tortgan kitoblarga koʻz tashlagancha muhtasham zal tomon yo‘naldik.

 

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, yuridik fanlar doktori, akademik A.Saidov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi mas’ul xodimi A.Mavrulov, Oliy Majlis Senati aʼzosi, Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi B.Alixanov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi oʻrinbosari R.Saparbayev, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi oʻrinbosari F.Joʻraqulov, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qorqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi rahbari T.Atamurodov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi “Nuroniy” jamgʻarmasi raisi T.Abdujapbarov, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Kenisboy Karimov hamda bir guruh olimlar, shoir va yozuvchilar, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

 

 

Ma’lumot o‘rnida aytish o‘rinliki, bu manba davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan dunyoga keldi va “Ma’naviyat” nashriyoti kitob-albom holida o‘quvchilarga taqdim etdi. To‘rt bob va yigirma bo‘limdan iborat kitob-albomning tuzuvchi-mualliflari sifatida M.Hojimatov, M.Ulug‘ova, M.Bo‘ronov nomlarini e’tirof etamiz.

 

“Kimdir bizning islohotlarimizga shubha qilsa, Mo‘ynoqqa kelib ko‘rsin!” Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mana shu fikri “Yangi Moʻynoq” kitob-albomi uchun epigraf sifatida tanlangan. Sohibqiron Amir Temur Oqsaroy peshtoqiga yozdirgan “Kimki qudratimizga shubha qilsa, biz qurgan binolarga boqsin” mazmunidagi iboraga uyg‘unlashgan bu epigraf mohiyatini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, yuridik fanlar doktori, akademik A.Saidov ikkinchi va uchinchi renessans mualliflari o‘rtasidagi ramziy umumiylik deya baholadi. Notiq, shuningdek, to‘rt tildagi kitob-albomning ham salmog‘ini, ham sifatini, ham “vazn”ini e’tirof etdi.

 

 

Orol dengizi bir paytlar 68 ming km² hududni egallagan edi. Bu fakt hammani bir seskantirdi. Boisi, taqdim etilgan kitob-albomda Orol dengizining ayanchli tarzda boy berilishi, uning atrofidagi aholi birin-ketin “kelajagi yo‘q” hududni tashlab ketishi, dengiz o‘rnida ekologiyaga jiddiy zarar yetkazuvchi tuzga botgan qumliklar paydo bo‘lishi hikoya qilinadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi A.Mavrulov asosan umidsizlikka botgan qumliklar o‘rnida qad ko‘targan Yangi Mo‘ynoq hududiga urg‘u berdi va barcha yangilanishlar davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshayotganini ta’kidladi.

 

 

Qoraqalpog‘istonda ham bo‘lar ekan-ku degan ibora paydo bo‘ldi. Kitob-albomga bag‘ishlangan videoroliklar va maxsus elektron taqdimot suxandon Jamshid Umrzoqov tilidan ta’sirchan tarzda yetkazildi. Bugun yangidan qad ko‘targan Mo‘ynoq manzaralari, saksovulzorga aylantirilgan qumliklar, aholiga yetkazilgan ichimlik suvi, mo‘ynoqliklarning mamnun qiyofalari tadbir ishtirokchilarini yanada ruhlantirdi.

 

 

Umuman olganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, xususan, Moʻynoqqa qilgan har bir tashrifi hudud hayotida yangi-yangi oʻzgarishlarga sabab boʻldi. Xususan, Moʻynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi qabul qilinib, unda 2019–2021-yillarda jami 1 trillion 485 milliard soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.

 

Amfiteatr va davlat xizmatlari markazi qurildi, madaniyat markazi va stadion, turarjoy binolari, oilaviy poliklinikalar, maktablar, bogʻchalar, zamonaviy kutubxonalar, muzeylar, musiqa va sport maktablari barcha zaruriy jihozlar bilan taʼminlanib, aholiga xizmat qilmoqda. Ulugʻ ajdodlar mangu qoʻnim topgan joylar qayta taʼmirlandi, obod qilindi, xalqning sevimli ziyoratgohlariga aylandi. Bir eʼtiborli dalil: bugungi kunda Moʻynoq tumani kichkintoylarining qariyb 90 foizi bogʻchalarda taʼlim-tarbiya olmoqda.

 

Urg‘u berildiki, mana shu islohotlar sabab – Qoraqalpog‘istonda ham “bo‘lar ekan-ku” degan ibora paydo bo‘ldi.

 

 

Qo‘llaringni ber, Mo‘ynoq”. Ketma-ket so‘zga chiqqan mutaxassislar yangi kitob-albomga turlicha ta’rif berishdi. Kitob-albomni varaqlab xulosa qilasizki, inson omili bilan har qanday musibatga yechim topish mumkin – dengiz chekinsa ham, inson chekinmaydi.

 

Kitob-albom haqidagi iliq fikrlar, Orol dengiziga hamdardlik nutqlari va yangilangan Mo‘ynoq hissiyotlari to‘lqinida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zulfiya Mo‘minova “Qo‘llaringni ber, Mo‘ynoq” she’rini o‘qib berdi. Shunday lirik kayfiyatda har bir taqdimot mehmoniga “Yangi Moʻynoq” kitob-albomi sovg‘a qilindi.

 

Taqdimotni tark etayotganimizda tadbir ishtirokchilari kitob-albomni yo‘l-yo‘lakay varaqlab ketayotgan edi. Umid qilamizki, bu manba tez orada ko‘p sonli o‘quvchilar qo‘liga yetib boradi va mutolaa qilgan har bir insonda “Yangi O‘zbekiston”dagi “Yangi Mo‘ynoq” haqida yorqin tasavvur paydo bo‘ladi.

 

 

Sirojiddin RUSTAMOV,

Oyina.uz


 


Oyina.uz'ni Telegramda kuzating!

1 Izoh

Рауаж

03:08 / 25.08.2023

Ҳақиқатан ҳам Янги Ўзбекистон бағрида кундан-кунга чирой очаётган қорақалпоқ кенгликлари, айниқса Муйноқда бўлган янгиланишлар, одамлар кўнглидаги уйғониш, келажакга умид, қақраган оролқумда фойда бўлган яшиллик…. Ҳақиқатан ҳам Давлатимиз раҳбарининг юксак эътибори, қалб меҳри, самарали ислоҳотлар маҳсулидир.

Izoh qoldirish

//