Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Bosh vazirining oʻrinbosari – tashqi ishlar vazirini qabul qildi

Saqlash
19:42 / 18.08.2023 1844 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-avgust kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Qozogʻiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleuni qabul qildi.

Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasidagi doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, yangi amaliy mazmun bilan boyitish masalalari koʻrib chiqildi.

Suhbat avvalida tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu davlatimiz rahbariga Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻzbekiston yetakchisi keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani, jumladan, parlamentlar, hukumatlar, hududiy maʼmuriyatlar, jamoatchilik va tadbirkorlar darajasida sermahsul muloqotlar amalga oshirilayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Qoʻshma Hukumatlararo komissiya va Ishchi guruh samarali faoliyat yuritmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi koʻpayib, ikki mamlakat yetakchi korxonalari oʻrtasidagi kooperatsiya koʻlami kengaymoqda. Madaniy-gumanitar tadbirlar muntazam oʻtkazib borilmoqda.

Uchrashuvda siyosiy muloqotlarni yanada faollashtirish, iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridagi loyihalarni jadallashtirish, gumanitar almashinuv dasturlarini kengaytirish hamda Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qoʻshnichilik va sheriklikni mustahkamlash choralarini koʻrishga alohida eʼtibor qaratildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//