25-avgustgacha talabalarning turar joy bilan taʼminlash jarayoni toʻliq yakunlanadi – Vazirlik 

Saqlash
17:08 / 17.08.2023 926 0

Hozirda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan talabalarni turar joylar bilan taʼminlash boʻyicha respublika miqyosida 38 ming oʻrinli 83 ta talabalar turar joylarini barpo etish boʻyicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot bermoqda. 

 

Unga koʻra, davlat-xususiy sheriklik asosida 23 ming 494 oʻrinli 50 ta, oliygoh va byudjet mablagʻlari va oliygohlarning toʻliq oʻz mablagʻlari hamda investitsiya dasturi doirasida 10 ming 660 oʻrinli 21 ta talabalar turar joylari qurilishi uchun zarur mablagʻlar ajratildi.

 

2023-yil yakuniga qadar Respublika boʻyicha 18 ming oʻrinli talabalar turar joylarini foydalanishga topshirish vazifasi belgilangan va yil yakuniga qadar ular toʻliq qurib bitkaziladi. 2023-yil 1-iyul holatiga 4 ming 702 oʻrinli 12 ta talabalar turar joylari foydalanishga topshirildi. Ayni paytda 24 ming 394 oʻrinli 51 ta talabalar turar joylari qurilishi jadal surʼatlarda davom etmoqda. Joriy yilning sentyabr oyida, yaʼni, yangi oʻquv yili boshlanishiga qadar respublika boʻyicha jami 6 ming 400 oʻrinli 11 ta talabalar turar joylari foydalanishga topshiriladi.

 

Ijara uylariga boʻlgan ehtiyoj eng yuqori boʻlgan va yangi oʻquv yili boshida muammo yuzaga keladigan Toshkent shahrida talabalarni turar joy bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayni paytda Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan talabalar yotoqxonasi mavjud 31 ta davlat oliy taʼlim muassasalarida jami 272 ming nafar talabalar tahsil olmoqda. Ularning 159 ming 732 nafari kunduzgi taʼlim shaklida oʻqiydi. Ushbu talabalarning 68 ming 400 nafari yoki 43 foizi oʻz uyi va yaqin qarindoshlari uyida istiqomat qiladi.

 

Sentyabr oyining birinchi oʻn kunligida talabalar turar joylarini tarqatish, taqsimlash jarayonida navbatlar hosil boʻlishini oldini olish maqsadida belgilangan tartib va mezonlarga muvofiq yuqori kurs talabalariga yotoqxonalar oldindan (1-bosqich talabalariga TTJdagi oʻrinlarning 60 foizini saqlab qolgan holda) taqsimlandi.

 

Shu tartibda barcha kurslar bilan qoʻshib hisoblaganda Toshkent shahrida 42 ming 300 nafar yoki 27 foiz talabalar mavjud 100 ta Talabalar turar joylariga joylashtiriladigan boʻldi.

 

Hozirgi kunda 48 ming 976 nafar talabalar (30 foiz) turar joylariga muhtoj boʻlib, ular ijara shartlari asosida xususiy xonadonlarda yashashiga toʻgʻri keladi. Tyutorlar orqali ushbu talabalar bilan suhbatlashilganda 23 ming 774 nafar talabalar (2, 3, 4-kurslar) Toshkent shahrida ijara xonadoni mavjud ekanligini maʼlum qilishgan. Yaʼni, ularning aksariyati avvaldan yashab kelayotgan ijara uylarini saqlab qolishgan yoki oldindan ijara uylarini band qilib qoʻyishgan.

 

Shu holatda ijara xonadonlariga joylashishga muhtoj boʻlgan, yaʼni yotoqxonadan joy berilmagan, oʻz uyi, yaqin qarindoshi mavjud boʻlmagan va ijara xonadoni ham aniq boʻlmagan talabalar 25 ming 202 nafarni tashkil etmoqda. Ana shu tahlillardan kelib chiqib, oliy taʼlim muassasalarida barcha tyutorlarni toʻliq jalb qilgan holda mahalla raislari bilan hamkorlikda boʻsh turgan ijara xonadonlarini topish ishlari amalga oshirildi.

 

Uy egalari bilan birma-bir suhbatdan keyin jami 8 ming 438 ta ijara xonadonlarining manzilli roʻyxatlari shakllantirildi. Hisob-kitoblarga koʻra, mazkur xonadonlarga 24 ming 254 nafar talabalarni joylashtirish imkoni mavjud.

 

Ayni paytda qolgan 948 nafar talabaga qoʻshimcha ijara uylarini topish ishlari davom etmoqda. Ayni paytda boʻsh turgan ijara xonadonlari toʻgʻrisidagi manzilli roʻyxat barcha talabalarga yetkazilmoqda.

 

Qayd etilishicha, joriy yilning 25-avgustiga qadar talabalarning turar joy bilan taʼminlash jarayonini toʻliq yakunlash koʻzda tutilmoqda va bu borada kunlik monitoring yoʻlga qoʻyilgan.

 

Shuningdek, har bir oliy taʼlim muassasasida talabalar va ularning ota-onalarini kutib oladigan, ularga zarur koʻrsatma va maʼlumotlar beradigan masʼullar belgilanishi taʼminlanadi. Talabalarni talabalar turar joylariga joylashtirish boʻyicha yordam koʻrsatish markazlariga tajribali volontyorlar biriktiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish