Abituriyentlarning deyarli yarmi 56,7 ball ham toʻplay olmadi

Saqlash
20:06 / 17.08.2023 982 0

mandat.uzbmb.uz saytidagi ochiq maʼlumotlarga koʻra, joriy yilda 888 ming 472 nafar abituriyent testga kirgan.

439 ming 337 nafar (49,4%) abituriyent oʻtish balining eng quyi chegarasi boʻlgan 56,7 balni ham toʻplay olmagan. Demak, ular mandat chiqmasidan avval kurashdan chiqdi. Chunki 56,7 balldan kam toʻplaganlar kvotada joy boʻlsa ham oʻqishga kira olmaydi.

56,7 dan koʻp ball toʻplagan abituriyentlar soni 449 ming nafarni (50,6%) tashkil qiladi.

 



“Oʻtgan yilgi holat bilan solishtirganda ahvolimiz biroz yaxshilangan. Oʻtgan yili 51,2% foiz, aniqrogʻi 550 ming abituriyent 56,7 ball ham toʻplay olmagandi, joriy yilda bu koʻrsatkich 49,4% ga tushdi”, deb yozmoqda bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.

2023-yilda eng yomon koʻrsatkich, Sirdaryo viloyatida (54,9%), nisbatan yaxshiroq natija esa xuddi oʻtgan yildagidek Toshkent shahrida (40,8%) qayd etilgan (yuqoridagi jadvalga qarang).

8 ta hududda abituriyentlarning 50 foizdan koʻprogʻi 56,7 balldan past ball olgan. Oʻtgan yili 9 ta hudud edi, joriy yil Namangan viloyati natijani yaxshilab, 50% likdan pastga tushgan.

Oʻtgan yilga qaraganda natijasini eng koʻp yaxshilagan 5 ta hudud:

Toshkent shahri — 4,4%
Buxoro — 4,4%
Toshkent viloyati — 3,5%
Namangan — 3,3%
Fargʻona — 2,4%

Sirdaryo va Andijon viloyatida esa natija oʻtgan yilgiga qaraganda yomonlashgan.

“56,7 ball — bu toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori 189 balning 30%i degani. Yaʼni abituriyent hech boʻlmasa 30% bilimga ega boʻlsa, ushbu koʻrsatkichni toʻplay oladi. 30% bilim esa reyting tizimidan qiyos olsak, hatto 2 baho ham emas! 1 baho desak toʻgʻri boʻlar balki”, deya fikr bildirgan u.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//