“Bu ishda riyo belgilari bor” — Fatvo markazi ota-onasining oyog‘ini yuvib, uning suvini ichayotganlar haqida

Saqlash
01:43 / 17.08.2023 1564 0

Ijtimoiy tarmoqlarda yigit onasining oyog‘i yuvilgan suvni ichgani tasvirlangan video tarqaldi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mazkur holat shariatda joizmi degan savolga javob berdi.

 

Qayd etilishicha, islom dinida ota-onani rozi qilish katta savob hisoblansa-da, ularning oyog‘ini yuvilgan suvni ichib, uni hammaga ko‘z-ko‘z qilish joiz emas. Chunki bu birinchidan, dinda g‘uluv (chuqur) ketish sanaladi.

 

“Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam bu haqida ogohlantirib, shunday deganlar: “Dinda g‘uluv (chuqur) ketishdan saqlaning. Zero, sizlardan oldingilarni faqatgina dinda g‘uluvga ketishlari halok qilgandir” (Imom Nasoiy, Ibn Moja va Ahmadlar rivoyati).

 

Ikkinchidan, bu ishda riyo belgilari bor. Yaʼni mo‘min odam har bir amalini xolis Alloh uchun qilib, imkon qadar boshqalardan yashirishi lozim. Aks holda qilgan amalining savobidan mahrum bo‘ladi. Eng yomoni baʼzilar mana shunday nojoiz ishni qilib, kamiga suratga ham oldirib tarqatmoqdalar. Natijada boshqalar bu ishlar juda ulug‘ amal ekan, deb nojoiz ishlarni ibodat darajasiga ko‘tarib yubormoqda. Ko‘r-ko‘rona ergashib ketmoqdalar.

 

Imom Rabboniy quddisa sirruhu “Maktubot”da aytadilar: “Biror amal shariat ko‘rsatmasiga muvofiq bo‘lsagina Haq taolo huzurida maqbul bo‘ladi. Aksincha bo‘lsa, Alloh taolo rozi bo‘lmagan ish hisoblanadi. Qanday qilib Alloh rozi bo‘lmagan ish savob o‘rni bo‘lsin?! Balki u jazoga loyiq amal sanaladi”.

 

Demak, ota-onani rozi qilish ham shariatimizga muvofiq tarzda bo‘lsagina Alloh dargohida maqbul bo‘ladi.

 

Shariatimizga ko‘ra, ota-ona roziligi hammmaga ko‘z-ko‘z qilib, ularni oyoqlaridan tushgan suvni ichish bilan emas, balki farzand umri davomida ularning xizmatlarini qilishi, ularga nisbatan doimo xushmuomala bo‘lib, aziyat bermasligi bilan bo‘ladi. Shunga ko‘ra, farzand ota yoki onasining oyoqlari yuvilgan suvni ichishi va uni ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqalarga ko‘z-ko‘z qilishi joiz emas. Vallohu aʼlam.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//