Adliya vazirligi: “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” demokratik partiyasi uchun yigʻilgan imzolar uni roʻyxatdan oʻtkazish uchun yetarli boʻlmadi

Saqlash
23:02 / 16.08.2023 1049 0

Adliya vazirligi fuqarolarning imzosi yetarli boʻlmagani uchun “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” demokratik partiyasini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, Adliya vazirligiga 2023-yil 14 va 17-iyul kunlari “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” demokratik partiyasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish haqidagi takroriy arizalar va fuqarolarning imzolari kelib tushgan.

Ariza va taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish natijasiga koʻra, partiyani quyidagi asoslar boʻyicha roʻyxatga olishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

“Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida«gi Qonunning 6-moddasiga koʻra, siyosiy partiyani tuzish uchun kamida sakkizta hududiy subyektda (viloyatda), shu jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan hamda partiyaga birlashish istagida boʻlgan kamida 20 000 fuqaroning imzosi boʻlishi talab etiladi.

Biroq, vazirlikka 2023-yil 14-iyulda taqdim etilgan arizaga ilova qilingan roʻyxatda 9 828 ta fuqarolar imzolari mavjud boʻlib, hujjatlarni oʻrganish jarayonida partiyaga birlashish istagini bildirgan fuqarolar roʻyxatiga quyidagilar kiritilganligi maʼlum boʻldi:

– siyosiy partiya taʼsis konferensiyasi oʻtkazilgungacha vafot etgan
10 nafar shaxs;

– 13 nafar voyaga yetmagan shaxs;

– mahallalarni asfaltlash, kommunikatsiya tizimlarini yangilashga mablagʻ olish maqsadida “Ochiq byudjet” loyihasiga ovoz berish uchun deb xato imzo qoʻygan va keyinchalik ushbu imzolarini qaytarib olgan 1 157 nafar shaxs;

– shaxsga doir maʼlumotlar mavjud emasligi sababli shaxsi aniqlanmagan 1 190 nafar shaxs;

– imzolari qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmagan elektron shaklda olingan 5 816 nafar shaxs;

Maʼlumot uchun. Ushbu elektron shaklda olingan imzolardan mingdan ortiq imzosi vazirlikka muqaddam taqdim etilgan imzolar roʻyxatida mavjudligi maʼlum boʻldi;

– partiya tuzish uchun xohish bildirmagan va hech qanday imzo qoʻymagan
359 nafar shaxs;

– sud tartibida muomalaga layoqatsiz deb topilgan 22 nafar shaxs;

– Oʻzbekistonda yashamayotgan 137 nafar shaxs;

– 2023-yil 15-mayda vazirlikka partiyani roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan imzolar roʻyxatida mavjud boʻlgan 46 nafar shaxs (takroriy).

Shuningdek, 2023-yil 17-iyuldagi 1 388 ta fuqarolar imzolari “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” demokratik partiyasi tashkiliy qoʻmitasining 3 oylik faoliyat koʻrsatish muddati tugaganidan keyin taqdim etilgan.

 

“Joriy yilning 16-aprelida tashkil etilgan partiyaning tashkiliy qoʻmitasi tomonidan uning faoliyat koʻrsatish muddati davomida vazirlikka taqdim etilgan imzosi qonunchilikka muvofiq va oʻz xohishi bilan partiyaga birlashish istagini bildirgan fuqarolarning jami imzolari soni 2 517 tani tashkil etdi.

“Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida”gi Qonunning 9-moddasiga muvofiq, siyosiy partiyani roʻyxatga olishni rad etish ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga belgilangan tartibda shikoyat qilish mumkin”, deyiladi vazirlik tarqatgan xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//