Amudaryoning qirgʻoq himoya dambalari mustahkamlanadi

Saqlash
21:46 / 16.08.2023 952 0

Vazirlar Mahkamasi“Xorazm viloyati hududidan oqib oʻtgan Amudaryo daryosining qirgoq himoya dambalari va inshootlarini sel-toshqin suvlaridan himoya qilish ishlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaror qabul qildi.


Unga koʻra, Amudaryoning qirgoq himoya dambalari va inshootlarini sel-toshqin suvlaridan himoya qilish uchun “Xorazm” milliy tabiat bogʻining rekreatsiya zonasi hududidagi “Tangrikoʻl” karyerining 14-uchastkasida joylashgan 19 gektar yer maydonidagi xarsang toshlardan foydalaniladi.

Hudud belgilangan tartibda zaxiraga olinadi va Amudaryo Chapqirgʻoq himoya dambalari boshqarmasiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratib beriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi karyerdan qonunchilik hujjatlariga muvofiq foydalanishni;

atrof-muhitga taʼsirini baholash loyihalari ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazilishini;

favqulodda holatlardagina Amudaryo daryosining qirgʻoqboʻyi zonasini mustahkamlash maqsadida foydalanishni;

foydalanish natijasida buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish ishlari amalga oshirilishini;

noruda foydali qazilmalar qayta ishlangan va sotilgan hollarda, yer qaʼridan foydalanganlik uchun belgilangan tartibda soliqlar toʻlanilishini taʼminlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi ajratiladigan yer maydonidan foydalanish davrida atrof-muhit muhofazasiga oid qonunchilik hujjatlari talablariga qatʼiy rioya etilishi va buzilgan yerlar rekultivatsiya qilinishi ustidan nazorat oʻrnatadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//