Toshkentda yoʻlkira narxi Nyu-Yorkka qaraganda 2 barobar qimmatroq — iqtisodchi

Saqlash
09:33 / 29.11.2021 923 1

“AARC xalqaro konsalting kompaniyasi “Toshshahartransxizmat” boʻyicha hisobotida Toshkentdagi yoʻlkira narxlari Nyu-Yorkdagidan 20 barobar arzonroq ekani haqidagi maʼlumotni eʼlon qildi. Iqtisodchi Botir Qobilov esa Toshkentdagi yoʻlkira narxi Nyu-Yorkdagidan barobar qimmatroq ekanini hisoblab berdi”, - deya xabar bermoqda  газета.uz sayti.

 

23-noyabr kuni AARC xalqaro konsalting kompaniyasi tomonidan “Toshshahartransxizmat” AJ faoliyatini trasformatsiyalash boʻyicha hisoboti eʼlon qilindi.

Unga koʻra, hozirgi kunda Toshkentda yoʻlkira narxi 1400 soʻmni (taxminan 0,13 AQSH dollari) tashkil etib, dunyoda shahar yoʻlovchilar transportidagi eng arzon tarif narxlaridan biri hisoblanishi aytildi. Shuningdek, Toshkentda oʻrnatilgan yoʻlkira xaqi Nyu-York shahridan 20 barobar kamroq ekanligi toʻgʻrisida maʼlum qilindi.

 

Qayd etilishicha, “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi oʻz-oʻzini taʼminlamaganligi, daromad va xarajatlar oʻrtasidagi farq COVID-19 infeksiyasi taʼsirisiz ham ancha ortganini kuzatish mumkin. Xorijiy konsultantlar buning asosiy sababi sifatida sayohat narxi faqat bir marta 2019-yilda 1200 soʻmdan 1400 soʻmga (4 foizga) oʻzgargani, xarajatlar esa 15 foizga oshgani tufayli deb baholashmoqda.

 

Iqtisodchi Botir Qobilov oʻzining “Заметки Экономиста" Telegram-kanalida ushbu tahlilga oʻz munosabatini bildirgan.

“Narxning 4% oshishi, tushumning 4% oshganini bildirmaydi, lekin faraz qilaylik bu logika toʻgʻri, yaʼni xarajatlar 15%ga va tushum 4% oshgan. Ammo, gap shundaki, narx 1200 soʻmdan 1400 soʻmga oshishi narxning 4%ga emas, balki 16.67%ga oshganini bildiradi. Kalkulyatorda siz ham tekshirib koʻring, balki men adashayotgandirman? Demak, shunda yuqoridagi logikaning teskarisi toʻgʻri boʻlib chiqyaptimi (16.67% > 15%)? Balki matbuot xizmati ushbu matnda 4% deb yozib xato qilgan boʻlishlari mumkin yoki, eng qoʻrqinchlisi, konsultantlarning oʻzi 1200 soʻmdan 1400 soʻmga oʻzgarishni 4% deb hisoblab berishganmi?” — degan savolni oʻrtaga tashladi Botir Qobilov.

 

Shuningdek, u Nyu-Yorkda bir martalik yoʻlkira narxi $2.25 ekan, yaʼni oʻrtadagi farq 20 emas, 17,3 barobar koʻproq ekanini taʼkidladi. Botir Qobilovning fikricha, yuqoridagi rasmlarda faqatgina nominal raqamlar koʻrsatilgan.

Oslo, Nyu-York va Toshkentni solishtirish uchun umumiy maxrajga keltirish kerak emasmi? Masalan, aholi daromadlaridagi farq inobatga olinishi kerak emasmi? Agar Toshkent va Nyu-Yorkdagi jamoat transporti foydalanuvchilari bir oylik oʻrtacha oyligining necha foizi jamoat transportida bir oy harakatlanish abonementiga sarflanadi, deb taqqoslansa, biroz mantiqiy solishtiruv boʻlar edi, deya taʼkidladi iqtisodchi.

 

Uning qayd etishicha, Nyu-Yorkda bir oylik jamoat transport abonementi 127 dollar turadi. Nyu-Yorkdagi bir kishining oʻrtacha oyligi esa taxminan 3333 dollarni tashkil qiladi. Nyu-Yorkda bir kishi oʻz daromadining 3,8 foizini yoʻlkiraga ishlatadi. Toshkentda bir oylik jamoat transporti abonementi 166 ming soʻm turadi, yaʼni bugungi kurs boʻyicha 15,4 dollar. Toshkentda jamoat transportida yuradigan aholining oʻrtacha oyligini 200 dollar deb faraz qilgan holda bir kishi oʻz daromadining 7,7 foizini yoʻlkiraga ishlatadi. Yuqoridagi tahlildan Toshkentda yoʻlkira narxi Nyu-Yorkdagiga qaraganda 2 barobarga qimmatroq ekani kelib chiqadi.

 

“Shuning uchun, menimcha, nafaqat bu, balki shunga oʻxshash hisobotlarning toʻliq matni jamoatchilikka eʼlon qilinishi kerak, shunda yuqoridagi savollarga javob topilishi mumkin, biz bekorga xavotir olayotgan boʻlishimiz mumkin”, — deya qayd etdi Botir Qobilov.

1 Izoh

Yunusbek

06:01 / 01.01.1970

Hissobingiz aniq va foydali boʻlibdi 👍

Izoh qoldirish

//